O’zbekistonda piyozning narxi tushdi

Mart oyida piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 25 foizga pasaydi. Bunga sabab nima?

O‘zbekiston Statistika agentligi fevral oyida piyoz narxi o‘sishining sekinlashishini qayd etdi. Piyoz narxi joriy yilning fevral oyida 9,8 foizga oshdi. Bir oy avval piyoz narxining oʻsish surʼati 44,7 foizga yetgan.

Narxlar monitoringiga ko‘ra, 2023-yil 3-martdan 10-martga qadar O‘zbekistonda piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 7000 so‘mdan 6000 so‘mga, yaʼni o‘tgan hafta davomida 14 foizga arzonlashgan. Oxirgi oyda shakllangan pasayish tendensiyasini hisobga olsak, 2023-yilning 10-fevralidan 10-martigacha ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 25 foizga pasayganini qayd etish joiz.

O‘tgan yillar darajasi bilan solishtirilganda, hozirgi ulgurji narxlar hanuz yuqoriligicha qolmoqda. 2023-yilning 10-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda piyozning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasidagi darajadan roppa-rosa 3 barobar, 2020-2021-yillarning shu sanasida qayd etilgan darajadan esa 5-6 barobar yuqori.

Mart oyi boshida havoning o‘rtacha sutkalik harorati keskin oshishi nomaqbul sharoitlarda saqlanayotgan piyoz zaxiralari sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, mazkur holat mahsulot importining rekord hajmi bilan bir qatorda fermerlar va treyderlarni mavjud piyoz zaxiralarini tezroq sotish va shu orqali ichki bozordagi taklif hajmini sezilarli darajada oshirishga olib keldi.

Bundan tashqari, bir oydan kamroq vaqtdan so‘ng ichki bozorga piyozni yangi hosilining ulgurji partiyalari chiqadi. Bu ham, o‘z navbatida, fermer va treyderlarni o‘tgan yilgi piyoz hosili zaxirasini tezroq sotishga undayapti. Ushbu mahsulot eksporti masalasiga kelsak, O‘zbekistondan piyoz eksportiga joriy yilning aprel oyi oxiriga qadar vaqtinchalik cheklovlar mavjud.

Ma’lumot o’rnida, 2023-yilning 10-mart holatiga ko‘ra, monitoring o’tkazilgan mintaqa mamlakatlarida piyozning o‘rtacha ulgurji narxi (1 kg uchun AQSH dollarida) quyidagicha: O‘zbekiston – $0,53; Tojikiston — $0,73; Gruziya — $0,85; Moldova — $0,91; Polsha — $0,97; Ukraina — $1,23.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *