O’zbekistonliklar daromadining katta qismini qarz to’lashga sarflaydi

O‘zbekistonliklar daromadining katta qismini maishiy texnika, uy-joy va boshqa ehtiyojlar uchun olingan qarzlarni to‘lashga sarflashadi

O‘zbekistonda PMTI ekspertlari tomonidan aholi (450 kishi) o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan.

Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘ldi.

Qolgan 34 foiz respondentlar qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan, 18 foiz respondentlarning o‘z jamg‘armalari mavjud.

So‘rovnoma natijalari bo‘yicha aholining 10 foizi muddatli tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlarining mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda ommalashayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori o‘rganildi.

Bunda eng ommabop 13 ta internet do‘konlaridagi talab yuqori bo‘lgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar muddatli to‘lov narxlari tahlil qilindi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2022-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner to‘g‘ri kelgan.

Natijalarga ko‘ra, tanlangan bir xil rusumdagi telefon narxi o‘rtacha 4,8 mln so‘m, muzlatgich 8,1 mln so‘m, televizor 6,8 mln so‘m va konditsioner 6,1 mln so‘mdan sotilayotganligi aniqlandi.

Aynan mazkur tovarlar do‘konlar tomonidan 12 oyga muddatli to‘lov orqali yillik stavkasi o‘rtacha 70 foizdan 77foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Solishtirish uchun, Tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan iste’mol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda.

Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz to‘lovlari o‘rtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida ma’lumotlarning notekis taqsimlanganligi (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi.

Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli to‘lov bozoridan ko‘proq foydalangan bo‘lishi mumkin.

Individual moliyaviy intizom (kredit tarixiga yoshlikdan e’tiborli bo‘lish) va rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish iste’molchini bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli bahramand bo‘lishi va samaraliroq foydalana olish ehtimolligini oshiradi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *