Twitter Blue’dan endi O’zbekistonda ham foydalansa bo’ladi!

O’zbekistonliklar uchun Twitter Blue’ning oylik obunasi – 8 AQSh dollari

Twitter Blue’ni endi butun dunyo foydalanuvchilari sotib olishi mumkin. Jumladan, o’zbekistonliklar ham ushbu pullik obuna xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Bu haqda ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask o’z sahifasida ma’lum qildi.

Shunday qilib, yangi Twitter Blue’ obunasi endi O’zbekistonda ham mavjud. Uning eng e’tiborli afzalliklaridan biri ko’k rangli “tasdiq ramzi”dir, ya’ni har bir Twitter Blue’ foydalanuvchisi ana shunday imtiyozli belgiga ega bo’lishi mumkin.

Bundan tashqari, Twitter Blue’ bilan siz endi o’z xatcho’plangan tvitlaringizni papkalarga ajratishingiz, Twitter’ ilovasi ikonkasini o’zgartirishingiz, NFT’ suratlarni profilingizga qo’yishingiz (ular oltiburchak shakldagi ramka ichida ko’rinadi), videolarni uzun va Full HD (1080p) formatda yuklashingiz, 4000 belgili uzun (obunasiz 280 belgi) tvitlar yozishinigiz va tvitlaringizni tahrirlashingiz (tvit joylangan so’ng yarim soat ichida 5 marta) mumkin bo’ladi.

Qolaversa, Twitter Blue egalari platformaga qo’shilayotgan yangi funksiyalarni oldindan sinab ko’rish imkoniga ega bo’lishadi. Shuningdek, tez orada ushbu obunaga qidiruvlarning yuqori qismida paydo bo’lish hamda, reklamalarning 50 foizi o’chirilishi kabi xususiyatlar qo’shilishi kutilmoqda.

Twitter Blue’ obunasi agar siz unga Twitter’ning veb-sahifasi orqali obuna bo’lsangiz O’zbekistonda ham oyiga 8 dollarni tashkil qiladi. Twitter Blue’ obunasini iOS yoki Android uchun ilova orqali sotib olmoqchi bo’lsangiz, unda siz oyiga 11 dollar to’lashingiz kerak bo’ladi.

Gap shundaki, Apple’ va Google’ kompaniyalari o’zlarining App Store va Play Store do’konlari orqali xarid qilingan har qanday mahsulot yoki obuna uchun ma’lum miqdorda komissiya olib qoladi – shuning uchun ham mobil ilovalarda Twitter Blue obunasi narxi qimmatroq. Ha, aytgancha, agar Twitter Blue’ obunasini yillik sotib olsangiz siz 12 foizlik chegirmaga ega bo’lasiz.

O’tgan yili Twitter’ni sotib olgandan so’ng Ilon Mask ijtimoiy tarmoqning mavjud pulli obunasi, Twitter Blue’ning afzalliklariga qo’shimchalar kiritgan holda noyabr-dekabr oylarida qayta ishga tushirdi va shu kunga qadar u faqat 50 ga yaqin davlatlarda mavjud edi. Kecha esa Twitter o’zining “Blue” obunasi imkoniyatlaridan foydalanish qamrovini butun dunyo bo’ylab kengaytirayotganligini e’lon qildi.

O’zining Twitter Blue obunasini global bozorga chiqarish bilan birga, Twitter eski qoidalarga ko’ra tasdiqlangan akkauntlar ko’k verifikatsiya belgilarini 1-apreldan boshlab olib tashlashini e’lon qildi. Uning o’rnini akkaunt turiga qarab oltin va kumush rangli tasdiqlanganlik belgilari egallaydi. Bunda oltin rangli verifikatsiya belgisi kompaniya va korxonalar uchun, kumush ranglisi esa hukumatlar, siyosiy partiyalar va ba’zi brendlar uchun, shuningdek, boshqa jamoat arboblari uchun beriladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan