YI Rossiyaga yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiya qo’llamoqchi

Yevropa ittifoqi savdo cheklovi joriy qilishi mumkin bo’lgan davlatlar orasida O’zbekiston ham bor

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi savdo cheklovlarini joriy qilishi mumkin.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlariga kir yuvish mashinalari va eski avtomobillar kabi ikki maqsadli texnologiyalarga ega mahsulotlar eksporti ko‘payganini payqashgan. Zero, kir yuvish mashinalari tarkibidagi yarimo‘tkazgichlar va avtomobil qismlari harbiy sanoatda ham ishlatilishi mumkin.

Shu bois, sanksiyalar Rossiyaga katta miqdorda kir yuvish mashinalari va eskirgan avtomobillarni yetkazib berayotgan davlatlarga taalluqli bo‘lishi kutilyapti.

«Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi anʼanaviy ittifoqchilari o‘rtasida isteʼmol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqashdi. Yangi marshrutlarda faollik 60-80 foizga ko‘paygan, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ulardan foydalanmoqda, degan xavotir bor», deb yozmoqda The Telegraph’ nashri.

Ayni paytda, Yevropa davlatlari Rossiyaga G‘arb cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam beradigan davlatlarga qarshi savdo sanksiyalarini qo‘llash rejasini muhokama qilmoqda. Bu haqda maxfiy kelishuv hujjati bor, deb taʼkidlaydi nashr. Xususan, YEI uchinchi mamlakatlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga allaqachon ogohlantirish bergan.

Agar Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan reeksport fakti isbotlansa, ularning Yevropa Ittifoqi yagona bozoriga chiqishi taqiqlanadi.

«Rossiya harbiy va mudofaa-sanoat bazasini moddiy qo‘llab-quvvatlash ushbu davlatlarning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi bloklanishi bilan yakunlanadi. Bu esa uchinchi dunyo davlatlari iqtisodi uchun yaxshigina zarba bo’lishi mumkin», deyiladi hujjatda.

Bu yerda harbiy va fuqarolik maqsadlarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan taqiqlangan «ikki maqsadli» texnologiyalarni Rossiyaga eksport qilinishi masalasi nazarda tutilyapti.

«Rasmiylarning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qilinadigan tovarlar orasida asosan kir yuvish mashinalari, eski mashinalar va fotoapparatlar bor», deb yozdi nashr.

Yevropa Ittifoqi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab tovarlar qismlarga ajratilib, yarimo‘tkazgichlar va ulardan olingan boshqa komponentlar Ukrainada zarar ko‘rgan Rossiya tanklari, zirhli texnikalari va dronlarini taʼmirlash uchun foydalanilayotganidan xavotirlar bor.

Yuqori martabali diplomatik manbaning anonimlik sharti bilan The Telegraph nashriga aytishicha, Yevropa davlatlaridan tovarlarning reeksporti sanksiyalar tuzilmasini sezilarli darajada buzadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi vakillari mumkin bo‘lgan oqibatlardan ogohlantirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qator muzokaralar olib borishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo‘shni mamlakatlardan eksport hajmi o‘sishini tekshirish niyatida ekanligi maʼlum bo‘lgan edi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa Ittifoqidan Qirg‘izistonga eksport 84 foizga, Armanistonga 72 foizga, Tojikistonga 21 foizga, Gruziyaga 19 foizga, Qozog‘istonga 14 foizga oshgan. Eksportning katta qismi Rossiyaga olib kirish taqiqlangan mahsulotlarga to‘g‘ri keldi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan