1-apreldan nimalar o’zgaradi?

O’zbekistonda 1-apreldan qanday o’zgarishlar kuchga kiradi?

Mahalliy ishlab chiqarilgan texnikalar xaridiga 15 foiz subsidiya beriladi

Mahalliy ishlab chiqarilgan barcha texnikalar xaridi uchun 15 foiz subsidiya beriladi.

Import qilingan texnikalar uch yil muddatga bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi hamda ular bo‘yicha QQSni kechiktirib (9 oy davomida) to‘lashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, texnika xaridi uchun 10 yil muddatga 10 foizlik kreditlar ajratiladi.

Tadbirkorlar ayrim binolar bo‘yicha pasaytiruvchi koeffitsientni qo‘llagan holda soliq to‘lashadi

Tadbirkorlar yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar bo‘yicha pasaytiruvchi koeffitsientni qo‘llagan holda soliq to‘lashadi.

Xususan, uch qavatli binoga — 0,9, to‘rt qavatli binoga — 0,8, besh qavatli binoga — 0,7, olti qavatli binoga — 0,6, yetti va undan yuqori qavatli binoga — 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyenti bilan bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘lanishi belgilangan.

Bundan mamlakat shaharlari, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno.

Unga ko‘ra pasaytiruvchi koeffitsientni qo‘llashda quyidagilar inobatga olinadi:

– Mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yordamchi xonalar bilan birga, agar ularning maydoni yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosining umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan bo‘lsa;

– Ishlab chiqarish maqsadlarida bino bir nechta xo‘jalik yurituvchi tomonidan birgalikda foydalanilayotgan bo‘lsa.

Ishchilarining ish haqidan to‘langan daromad solig‘i bir vaqtning o‘zida qaytarib beriladi

1-apreldan 2024-yilning 1-mayigacha qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.

Unga ko‘ra, respublika budjetidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ishchilarining ish haqidan to‘langan daromad solig‘ini bir vaqtning o‘zida qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligi ta’minlangan bo‘lishi, oylik maosh esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.

Daromadi 10 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar davlat xaridlarida 20 foizlik kvotaga ega bo‘lishadi

1 yilda bir marotaba o‘rta tadbirkorlik subyektlariga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 mln so‘mgacha) qismi qoplab beriladi.

Jami daromadi 10 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi.

Mazkur xaridlar doirasida budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.

Bunda, soliq organlari tomonidan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi va maxsus axborot portali bilan ma’lumot almashinuvi ta’minlanadi.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi.

Yuqori qo‘shilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bog‘liq xarajatlarini eksport qiymatining 6 foizigacha qoplash tartibi bekor qilinadi.

Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozlar onlayn beriladi

Parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqat my.vetgov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xo‘jaliklariga beriladi.

Ko‘p qavatli binolarda MTT tashkil etishga ruxsat beriladi

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

“Quyoshli xonadon” dasturi ishga tushadi

Respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

– Ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;

– Qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;

– Yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.

Pensionerlar Toshkent metropolitenidan bepul foydalanishadi

1-apreldan boshlab pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan to‘liq faoliyat ko‘rsatish vaqtida bepul foydalanishadi.

Toshkent metropolitenining mazkur bandda ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish evaziga olinmay qolgan daromadlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab borilishi belgilangan.

Avtotransport vositasini olib chiqib ketish vaqtini o‘tkazib yuborgan xorijliklardan yig‘im undirilmaydi

O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etiladi.

Nogironlik belgilari ko‘rinib turganlarning nogironligi ular ishtirokisiz belgilanadi

Nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan hamda noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.

Markazlarda harakatlanish tezligi 60 kmga tushiriladi

1-apreldan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kiradi

Shuningdek, Mehnat kodeksining yangi tahriri 2023-yilning 30-aprelidan kuchga kiradi.

Yangi tahrirdagi kodeks 7 bo‘lim, 34 bob va 581 moddadan iborat. Huquqlarga qo‘shimcha ravishda, ko’plab masalalar bo‘yicha ham xodimlar, ham ish beruvchilar uchun majburiyatlar belgilangan.

Mehnat kodeksida quyidagilar ilgari surilgan:

– Ishdan bo‘shatish uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori;

– Sinov muddati va dam olish kunlarining soni;

– Kechiktirilgan ish haqi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik va boshqa muhim masalalar.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarga debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblash muddati 360 kun etib belgilanadi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan ipak mahsulotlarini eksport qilish operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning yagona muddati 360 kun etib belgilanadi.

Bunda bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab hisoblanishi qayd etilgan.

“Nuroniy” jamg‘armasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi

“Nuroniy” jamg‘armasiga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

“Nuroniy” jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasi, markaziy apparati, hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalari tuzilmalari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda uning raisi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan