O‘zbekistonda pomidor narxi rekordlarni yangilamoqda

O‘zbekistonda qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha “optom” narxi 1 kg uchun 28 000 so‘mdan 36 000 so‘mgacha ko’tarilgan

Issiqxona pomidori narxi rekordlarni yangilashda davom etmoqda — so‘nggi haftada qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 29 foizga oshdi va joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilgi darajadan deyarli 2 barobar yuqori. Bundan tashqari, so‘nggi hafta ichida ushbu mahsulot narxi keskin oshishi natijasida O‘zbekistonda qizil dumaloq pomidorning ayni paytdagi ulgurji narxlari eng yuqori darajaga chiqdi, deydi tahlilchilar.

EastFruit’ ning narxlar monitoringi maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilning 17-martidan 24-martiga qadar O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 28 000 so‘mdan 36 000 so‘mga, yaʼni, bir hafta ichida 28,6 foizga oshdi. Oxirgi uch oyda ushbu mahsulot narxining jadal o‘sishi inobatga olinsa, joriy yil boshidan 24-martga qadar O‘zbekistonda qizil dumaloq pomidorning ulgurji narxlari 2,4 barobar oshgan.

2023-yilning 24-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 barobar va 2020-2021 yillarning shu sanasiga nisbatan 2,4 barobar yuqori bo‘ldi.

O‘tgan hafta qizil dumaloq pomidor narxlarining keskin oshishi natijasida O‘zbekistonda ushbu mahsulotning ulgurji narxlari tahlilchilar tomonida meva-sabzavotlar qiymati haftalik monitoring qilib boriladigan mamlakatlar orasida eng yuqorisi bo‘ldi.

2023-yilning 24-mart holatiga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi (1 kg uchun AQSH dollarida):

O‘zbekiston – 3,16 dollar;

Polsha — 2,79 dollar;

Ukraina — 2,60 dollar;

Tojikiston — 2,29 dollar;

Moldova — 1,61 dollar;

Gruziya — 1,16 dollarni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki hafta oldin O‘zbekistonda pomidor narxi tez ko‘tarilishining asosiy sababi yanvar oyidagi anomal sovuq paytida issiqxonalarda katta hosil boy berilishi ekani haqida yozgan edik. Bundan tashqari, mazkur ekinning vegetatsiya davri hisobga olinsa, mazkur mahsulot bozori ishtirokchilari yaqin kelajakda ushbu mahsulot narxi pasayishi ehtimoli kamligini qayd etishgan edi.

O‘tgan hafta pushti issiqxona pomidorining ham narxi ko‘tarildi, ammo o‘sish surʼati qizil dumaloq issiqxona pomidoriga nisbatan ancha past bo‘ldi. 2023-yilning 17-martidan 24-martiga qadar O‘zbekistonda pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 33 000 so‘mdan 36 000 so‘mga, yaʼni, 9,1 foizga oshdi. Oxirgi bir yarim oy davomida ushbu mahsulot narxlarining barqaror oshib borayotgani hisobga olinsa, 2023-yil 10-fevraldan 24-martga qadar O‘zbekistonda pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1,8 barobar oshdi.

2023-yil 24-mart holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasidan 1,8 barobar, 2021-yilning shu sanasidan esa 2,1 barobar yuqori bo‘lgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *