Ilon Maskning kompaniyasi odamlarda miya chiplarini sinab ko’rish uchun hamkor qidirmoqda

Milliarder Ilon Maskning “Neuralink” kompaniyasi neyroxirurgiya markazlari bilan odamlarda miya chiplarini sinab ko’rish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda

Amerikalik milliarder Ilon Mask tomonidan asos solingan “Neuralink” kompaniyasi AQShdagi eng yirik neyroxirurgiya markazlari bilan odamlarda miya chiplarini sinab ko’rish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar bermoqda “Reuters”.

Nashr manbalariga ko‘ra, “Neuralink” Arizona shtatida joylashgan “Barrou” nevrologik instituti bilan qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatini ko’rib chiqyapti. Bundan tashqari, kompaniya boshqa shunga o’xshash tashkilotlar bilan ham muzokaralar olib bormoqda.

Yangilik “Neuralink” tomonidan rasman tasdiqlanmagan bo’lsa-da, tibbiyot muassasasi “Barrou” neyroxirurgiya sohasida katta tajribaga egaligi sababli tadqiqot muvaffaqiyati uchun katta yordami tegishi mumkinligini yashirmayapti.

Shunga qaramay, AQSh Sog’liqni saqlash va aholiga xizmat ko’rsatish departamenti odamlarga implantatsiya qilinadigan chiplarning klinik sinovlarini boshlashga ruxsat bermagan.

Departament “Neuralink” chiplaridagi lityum batareyasi va implant qismlari miyaning turli sohalariga ko’chib o’tishi mumkinligidan xavfsiramoqda. Bundan tashqari, chiplarni miya to‘qimalariga zarar yetkazmasdan olib tashlashga ham rahbariyatning ishonchi komil emas.

O’z navbatida departament “Neuralink”ning miya chiplarini sinab ko’rish maqsadidagi harakatlariga izoh bermagan.

Amerikalik milliarder “Neuralink”ga 2016-yilda asos solgan. Tadbirkorning ta’kidlashicha, kompaniyaning maqsadi – miya kasalliklarini davolash uchun samarali chiplar ishlab chiqish va kelajakda bu borada muvaffaqiyatga erishish hisoblanadi.

Ma’lumot o’rnida, 2019-yilda kompaniya o’zining birinchi miya chiplarini namoyish etdi. Ayni paytgacha ushbu mikrochiplarning sinovi hayvonlarda o’tkazilayotgan edi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *