Sun’iy intellekt tufayli dunyo bo’ylab 300 mln kishi ish o’rnini yo’qotishi mumkin

Sun’iy intellekt ko’proq qaysi vazifalarni egallaydi?

“Goldman Sachs”ning yangi hisobotida aytilishicha, dunyo mehnat bozorida “jiddiy o’zgarishlar” yuz berishi arafasida turibmiz. Yirik investitsiya banki tahlili shuni ko‘rsatadiki, hech bo‘lmaganda mavjud ish o‘rinlarining uchdan ikki qismi ma’lum darajada avtomatlashtirilishi mumkin.

Oqibatda, sun’iy intellektning generativ tizimlari tufayli mehnat bozorida xodimlarga bo’lgan talabning pasayishi va butun dunyo bo’ylab 300 million kishi o’z ish o’rnidan ajralishi ehtimoli katta.

Hisobotda aytilishicha, sun’iy idrok ma’muriy sektordagi 46 foiz, huquqshunoslikka oid 44 foizgacha bo’lgan vazifalarni bajarish qobiliyatiga ega. Shunga qaramay, 6 foiz qurilish hamda 4 foiz texnik xizmat ko’rsatish bilan bog’liq ishlarni uddalay oladi.

Shu bilan birga, “Goldman Sachs” sun’iy intellekt ish unumdorligiga ta’sir qilishi, mahsulot va xizmatlarning yillik umumiy qiymatini taxminan 7 foizgacha oshirishini ham ta’kidlayapti.

Ma’lumotlarga ko’ra, hozirgi kasblarning qariyb 60 foizi XX asrning 40-yillarida mavjud bo’lmagan. Biroq 1980-yildan so’ng sodir bo’lgan texnologik inqilob yangi kasblarning ham paydo bo’lishiga olib keldi. Shunga o’xshab, generativ AI’ – sun’iy idrok tufayli ham yangi mutaxassisliklar “kashf etilsa” ajab emas.

2022-yilning dekabr oyida WCIOM – aholining fikrlarini o’rganish ilmiy-tadqiqot instituti rossiyaliklarning sun’iy intellektdan foydalanishga nisbatan munosabati haqida so’rovnoma natijalarini e’lon qildi. Unga ko’ra, respondentlarning 46 foizi odamlarning ishsiz qolishidan xavotirda ekanliklarini izhor qilishgan. Shu jumladan, ko’proq rossiyaliklar AI’ yordamida insonlarga tegishli shaxsiy ma’lumotlar o’g’irlanishi, ulardan shaxsiy manfaatlarda foydalanish avj olishini ma’lum qilgan. O’z navbatida, sun’iy idrokning ommaviy tadbiq etilishi natijasida insonlar hayotining yaxshilanishi, uning odamlarga qaraganda kamroq xato qilishi haqida fikr bildirganlar ham uchragan.

Ma’lumot o’rnida, so’nggi paytlarda, OpenAI’ tomonidan ChatGPT’ sun’iy intellektiga asoslangan xizmati ommaga taqdim etilgach, chatbot tezlik bilan foydalanuvchilar orasida ommalashdi va boshqa yirik texnologik kompaniyalar ham sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqishga kirishdi.

One Reply to “Sun’iy intellekt tufayli dunyo bo’ylab 300 mln kishi ish o’rnini yo’qotishi mumkin”

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *