Ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi

2025-yilgacha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo’jaligi texnikalari hamda ehtiyot qismlari bojxona to’lovlari va utilizatsiya yig’imidan ozod qilinadi

Prezident qarori bilan 2023-yil 1-apreldan tegishli ro’yxat bo’yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo’jaligi texnikalari, agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yilgacha bojxona to’lovlaridan va utilizatsiya yig’imidan ozod qilinadi.

29-mart kuni “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo’jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag’batlantirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident qarori [PQ-103-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, O’zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning quyidagi yagona tartibi 2023-yil 1-apreldan joriy qilinadi:

– Prezident qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo’jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi;

– Tegishli ro’yxat bo’yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo’jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yil 1-yanvargacha bojxona to’lovlaridan (qo’shilgan qiymat solig’i va bojxona rasmiylashtiruvi yig’imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig’imidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;

– O’zini o’zi band qilgan shaxslar va YATTlarga qishloq xo’jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi.

2023−2024 yillarda qishloq xo’jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln so’m yo’naltiriladi. Bunda:

– Banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug’urta polisi qabul qilinishi mumkin;

– Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag’lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo’jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3 foizdan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo’jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan