“Yandex Go” imkoniyati cheklangan yo’lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida mobil ilovasiga yangi funksiyalarni qo’shadi
“Yandex Go” safarlarni onlayn buyurtma qilish xizmati imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarning shahar bo‘ylab bemalol harakatlanishiga yordam beradigan loyihalar ustida ishlamoqda.
Yaqin kelajakda servis ilovani imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun moslashtirish rejalashtirilmoqda.
Buning uchun “Yandex Go” kompaniyasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va “ShAROIT PLYUS” nogironlar uyushmasi vakillari bilan birgalikda maxsus imkoniyatlar ekrani va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqadi.
Bu esa yo’lovchilar tomonidan haydovchini oldindan, ya’ni safarga chiqishlaridan oldin nogironlar aravachasida bo‘lishlari yoki mashinani topish, unga o‘tirish uchun yordam kerakligi haqida ogohlantirish imkonini beradi. Bundan maqsad esa imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun sayohat sifati va qulayligini oshirishdir.
Ma’lumotlarga ko’ra, poytaxtda ko‘plab nogironlar “Yandex Go” kompaniyasi taqdim etayotgan xizmatlardan foydalanadi.
“Biz shahar bo‘ylab erkin va qulay harakatlanish hamma uchun teng bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz, – deydi “Yandex Taxi” xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha MDH direktori Kirill Svinsov, – Shu bois, muntazam ravishda xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlik qilamiz va ularning vasiyligidagi shaxslarning kasalxonalarga borishlari hamda xarid qilishlariga ko’maklashamiz”.