Rossiyalik investorlar O‘zbekiston bozorlarini sotib olmoqchi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
Rus nashrlarining yozishicha, Rossiyalik investorlar O‘zbekistondagi sharqona bozorlarni sotib olishni xohlashmoqda. Sababi, Markaziy Osiyo poytaxtlarida joylashgan bozorlarning qariyb 35 foizi potensial aralash foydalaniladigan obyektlar sifatida anchadan buyon investorlarni qiziqtiradi.
Atlas byurosi mutaxassislari Toshkent, Olmaota, Dushanbe va Bishkekdagi 147 ta bozorni o’z ichiga olgan tadqiqot loyihasi doirasida shunday xulosaga kelishdi.
Gap mintaqaviy ahamiyatga ega yopiq bozorlar haqida ketmoqda, ular xalqaro amaliyotda ko’pincha xilma-xil biznes obyektlariga aylanadi. Bozorlar oddiy savdo markazlaridan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining keng assortimenti, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning noyob tovarlari va Sharqona ruhiyatning mujassamligi bilan ajralib turadi.
“Markaziy Osiyo mamlakatlarida anʼanaviy bozorlar chakana savdoning salmoqli qismini – umumiy aylanmaning o‘rtacha 20-40 foizini egallashda davom etmoqda. Masalan, O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan xususiylashtirish jarayoni mahalliy va xalqaro investorlarga bozorlarning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatidan foydalanishda keng imkoniyatlar ochmoqda. Segmentni rivojlantirishda shunga o‘xshash tajriba rossiyalik investorlarni jalb qilishi mumkin.
2010-yillarda boshlangan Moskva bozorlarini rekonstruksiya qilish asosiy obyektlar – Dorogomilovskiy, Usachevskiy, Danilovskiy bozorlarini yangi darajaga ko‘tardi. Markaziy Osiyo bozorlarini rekonstruksiya qilish muvaffaqiyati ularning madaniy va tarixiy qiymati hamda gastro-turizmning global tendensiyasi tufayli yana-da hayratlanarli bo‘lishi mumkin”, – deydi Atlas byurosi asoschisi va bosh direktori Aleksandra Sitnikova.
Mutaxassislarning fikricha, rossiyalik investorlar MDH mamlakatlaridagi ko‘chmas mulk bozorlariga qiziqish bilan qarashmoqda. Rivojlanish muhiti noaniq bo‘lganiga qaramay, kiritilgan sarmoyani tez orada qoplash mumkinligi investorlar uchun O‘zbekiston bozorlarining jozibadorligini oshiradi.
Mutaxassislar qayta qurish uchun bozor to‘g‘ri tanlansa, loyiha 7-8 yil ichida o‘zini oqlashi mumkinligini aytishmoqda.