Import bojlarining bekor qilinishi ayrim mahsulotlar narxiga ta’sir qilmadi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
36 toifadagi mahsulotlar importiga bojlarning bekor qilinishi ularning narxiga kutilganidek ta’sir qilmadi. Bunga sabab nima?
Prezident qarori bilan 2024-yilga qadar 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgandi. Ular orasida pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok va behi, qatiq, kefir, sut mahsulotlari, makaron kabilar bor.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov, tadbirkor Zafar Hoshimov kabi mutaxassislar mazkur qarorning qabul qilinishi aholi farovonligiga xizmat qilishini ta’kidlagan edi.
Shunga qaramay, ekspertlar import bojlarining bekor qilinishi ayrim mahsulotlar narxiga ta’sir qilmaganini aniqlashdi. Soch yuvish vositalari, choy va kofe, sabzavot, murabbo va souslar narxi esa bir oz oshgan ham. Soqol olish vositalari, yormalar, yogurt, qaymoq, tvorog kabi sut mahsulotlari narxi o’zgarmagan.
Ushbu tahlili uchun boj to’lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olingan.
Jumladan, 96 turdagi 3120 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha statistika data-scraping uslubida yuklab olingan. Har bir tovar turi bo’yicha narxlar fevral va mart oyining oxiri uchun solishtirildi.
Ba’zi mahsulotlar, xususan shokolad o‘rtacha 463 so‘mga, sabzavot va meva konservalari — 802 so‘mga, go‘sht konservalari — 1164 so‘mga, mol go‘shti — 375 so‘mga, vafli shirinliklari — 415 so‘mga, brinza — 275 so‘mga arzonlaganini ham qayd etish lozim.
Bunday holat import inflyatsiyasining bojdan tashqari omillari ta’siri kuchli ekanligi yoki bu mahsulotlar orasida ko‘plariga talab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondirilayotgani bilan izohlanishi mumkin.
Tegishli ravishda, narxlar stabilligini ta’minlashga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar raqobat muhitini rivojlantirishga yo‘naltirilishi muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi tahlilda.