Toshkent aeroportida 27 nomerli kapsulali mehmonxona ochiladi

O’zbekistonda ilk bor poytaxt aeroportida kapsulali mehmonxona xizmati ishga tushiriladi

Toshkent aeroportining steril zonasida kapsulali mehmonxona ochilishiga tayyorgarlik ko’rilmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Steril zonadagi yangi blokda hammom, tahoratxona, namozxona, “Anjir” biznes-zali va O’zbekistonda ilk bor aeroportda joylashgan kichik mehmonxona xizmat ko’rsatadi.

“Bu shunchaki “kapsulalar” emas, balki to’liq bir kishilik to’shak, minimal aksessuarlar to’plami — chiroq, kiyim ilgichi, qo’l yuki uchun javon, stol joylashgan qulay kabinalar hisoblanadi. Bunday kabinalar yo’lovchilar kutish vaqtida aeroportdan va tranzit zonadan chiqmasdan bir necha soat dam olishlariga imkon beradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Birinchi qavatda hammom, dush va qabulxona mavjud bo’ladi. Shuningdek, 27 kapsulali mehmonxona kechayu-kunduz ishlaydi. Har bir xonada bortga chiqish uchun individual taklifnoma tizimi mavjud.

Ichki xonalarda sharqona ko’rinish va hashamat, shuningdek, Yevropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qilingan.

“Afsuski, har bir tranzit yo‘lovchi O‘zbekistonda qolib, qadimiy shaharlar va madaniyatni ko‘ra olmaydi. Shunday ekan, maqsadimiz aynan aeroportda haqiqiy Sharqona muhit yaratish edi”, — deydi taniqli dizayner Bobur Ismoilov.

Mehmonxona professional kompaniya boshqaruviga o’tkazilishi kerak. Tegishli lot allaqachon elektron auksionga qo’yilgan. Mehmonxonaning umumiy maydoni 240 kv.m. bo’lib, boshlang‘ich yillik ijara qiymati 325 mln 440 ming so’m etib belgilangan. Auksionda belgilangan texnik topshiriqlarga javob beradigan barcha kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *