Yagona reyestrga kiritilgan fuqarolarga ayrim tovarlar xaridi uchun to’langan QQS qaytariladi

Joriy yilning 1-iyunigacha paxta, galla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi

“2023-yilda qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo’llab-quvvatlashning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 15-apreldan eksperiment tarzida Qishloq xo’jaligida xizmatlar ko’rsatish agentligi huzuridagi “Agroservis operator” korxonasi orqali tashabbuskorlar loyihalarini moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:

– Meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish yo‘nalishidagi loyihalar agentlikning tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xo’jaligi vazirligi platformasi orqali “Agroservis operator”ga yetkaziladi;

– Intensiv bog’ va tokzorlar, agrologistika obyektlari hamda texnologik liniyalar, oziq-ovqat sanoatidagi liniyalar qurilib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiriladi.

Bunda lizing to‘lovining 10 foizi oldindan to‘lash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida bo’lib-bo’lib to’lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (paxta, g‘alla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajo‘xori hamda moyli ekinlar) ekilishini, vegetatsiya davrini monitoring va tahlil qilish amaliyoti joriy etiladi.

Joriy yilning 1-iyunigacha paxta, g’alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

1-maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar quyidagi ro’yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo joylarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to’lov o’rniga, xarid summasida to‘langan QQS qaytariladi:

– qo’y go’shti;
– parranda go’shti;
– mol go’shti;
– tuxum;
– o’simlik yog’i.

Shuningdek, 1-iyundan qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Qarorga ko’ra, prezidentning tegishli qarori doirasida Bog’dorchilik va issiqxona xo’jaligini rivojlantirish jamg’armasiga 2023-yilda 400 mlrd so’m budjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratiladi.

Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi tashkil etiladi.

Joriy yilda har bir viloyatda o’rtacha 250−300 gektardan namunaviy bog‘-tokzorlar barpo etiladi.

Qoraqalpog‘istonda chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *