AQSh “Ohangaronsement”ga sanksiya qo’lladi

O’zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi AQSh sanksiyalari ostida qoldi

O’zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi AQShning yangi sanksiyalariga kiritildi. Shuningdek, 2022-yil boshida zavodning 98,6 foiz aksiyasini sotib olgan, Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan “Akkermann Cement CA” ham ushbu cheklovlarga uchradi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi saytida ma’lum qilindi.

2021-yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushni sotib olgandi. Bitim summasi 557,6 milliard so’mga baholangan edi. 2022-yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Giacinttar va Lamanka Enterprises kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trillion so’mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik xaridor Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan “Akkermann Cement CA” ekani ma’lum bo’lgandi.

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro’yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan “Akkermann Cement CA” bilan operatsiyalarni 11-iyulgacha tugatish talabini qo’ygan.

OFAC jismoniy va yuridik shaxslarni milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar maqsadida ushbu ro’yxatga (SDN List) joylashtiradi. SDN ro’yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.

AQSh hukumatining yangi sanksiyalar paketidan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM holdingi hamda uning tarkibidagi “Metalloinvest”, “Megafon” kompaniyalariga qarshi cheklovlar ham joy olgan.

Ma’lumot o’rnida, “Ohangaronsement” zavodi 1994-yilda xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi “Zeromax” edi. 2006-yilda Rossiyaning “Yevrosement” kompaniyasi undan 75,5 foiz ulushni sotib oldi. Keyinchalik bu ulush 83,9 foizga yetkazildi. 2020-yilda “Yevrosement” qarzlari uchun Sberbank nazoratiga o’tdi va sotuvga qo’yildi.

“Ohangaronsement” 2020-yilda O’zbekistondagi eng yirik soliq to’lovchilardan biri bo’lgan va bozorda ustun maqomga ega kompaniyalardan hisoblanadi. Kombinatning 2021-yilning to‘qqiz oyida sof foydasi 188,8 milliard so’mni, 2020-yilning to’qqiz oyida 187,1 milliard so’mni tashkil etdi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *