AQSh O’zbekistonning 5 nafar fuqarosini “qora ro’yxat”ga kiritdi

AQSh Alisher Usmonovning ikki singlisiga ham sanksiya qo’lladi

AQSh hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bog’liq sanksiyalar ro’yxatini kengaytirishda davom etyapti. AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar ro’yxati 20 ta mamlakatdagi 120 ta yuridik va jismoniy shaxslar bilan “boyitildi”. Ular orasida 5 nafar O’zbekiston fuqarosi va O’zbekistonda ro’yxatdan o’tgan 3 ta kompaniya ham bor.

SDN List’ga qo’shilgan o’zbekistonlik jismoniy shaxslar – milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari hisoblanadi. Ular quyidagilar:

Ismoilova Gulbahor Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akasi bilan “The Sister Trust”ga egalik qiladi. AQSh hukumatiga ko’ra, Gulbahor Narziyeva O’zbekistondan tashqari, Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Unga nisbatan avvalroq Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Shveytsariya ham sanksiya qo’llagan. Toshkentda joylashgan Fedorovich nomidagi klinika ta’sischilaridan biri (82,1 foiz, qolgan ulush Zunnur Ismoilovga tegishli).

Narziyeva Saodat Burhonovna – Alisher Usmonovning singlisi. Akusher-ginekolog, tibbiyotda 30 yildan ortiqroq stajga ega. Avvalroq uning Shveytsariyadagi “Credit Suisse” bankida 1,8 mlrd frank mablag’i bo’lgani haqida xabarlar tarqalgan, Alisher Usmonovning matbuot xizmati buni rad etgandi.

Kocharova Gulnoz Zunnurovna – O’zbekistondan tashqari Rossiya va Kipr fuqaroligiga ham ega. Kiprdagi Almenor Holdings direktori. AQSh hukumati bu kompaniya Alisher Usmonovning “Kiprdagi tarmog’i”ga kirishini qayd etgan.

Nosirxo’jayev Shohrux Olimjonovich – BAAda joylashgan, Alisher Usmonovning “Metalloinvest”iga qarashli “Hamriyah Steel” metalloprokat zavodi bosh direktori.

Narziyeva Nasiba Erkinovna – Shohrux Nosirxo’jayevning turmush o’rtog’i, Saodat Narziyevaning qizi.
Bundan tashqari, sanksion ro’yxatga Alisher Usmonovning o’gay o’g’li Viner Nadan Adadiyevich ham kiritilgan. Biznesmen Moskvada bir qator kompaniyalarga egalik qilishi, Latviyada elit toifadagi ko’chmas mulk egasi ekani ko’rsatilgan.

Alisher Usmonovga doxil AQSh sanksiyalari, shuningdek, O‘zbekistondagi Ucell aloqa operatorining 51 foiz ulushiga egalik qiluvchi “Digital Invest”ni ham qamrab olgan (Ucell’ning 49 foizi O‘zbekiston hukumatiga qarashli). Alisher Usmonovning “USM Telecom” kompaniyasiga qarashli “Digital Invest” O’zbekistonda Ucell’dan tashqari “CRPT Turon” (markirovkalash operatori), “Pervaya Bashennaya Kompaniya” va “New Solutions” kompaniyalariga ham egalik qiladi.

Biroq AQSh Moliya vazirligi “Digital Invest” va “MegaFon” foydasiga istisnoni ham e’lon qildi. Unga ko’ra, Amerika fuqarolari va kompaniyalari Rossiyaning bu ikkita kompaniyasi bilan har qanday bitimlar tuzishi, xususan Amerika mahsulotlari va texnologiyalarini ularga sotishi mumkin, lekin sharti shuki, bu hamkorlik Tojikiston va O’zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko’rsatishga qaratilgan bo’lishi kerak.

Yuqorida keltirib o’tilgan, AQSh Moliya vazirligi tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qo’shimcha ravishda, AQSh Savdo vazirligi ham bir qator kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga cheklovlar joriy etdi. Savdo vazirligining qora ro’yxatida O’zbekistondan “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia” kompaniyalari joy olgan. Ular sanksiyalarni chetlab o’tgan holda Amerika tovarlarini Rossiya mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun sotib olishga uringanlikda ayblanmoqda.

Korxona va tashkilotlarning yagona reyestriga ko’ra, bu ikki MChJ bir manzilda – Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko’chasi 16A-uyda joylashgan.

“Alfa Beta Creative” 2022-yil 6-iyunda ro’yxatga olingan. Ustav kapitali – 2 mln so’m. Asosiy faoliyat yo’nalishi – “boshqa turdagi ofis texnikalari va uskunalarining ulgurji savdosi”. Ta’sischisi – Svetlana Karimovna Haydari.

“GFK Logistic Asia” 2018-yil 28-martda ro’yxatdan o’tkazilgan. Ustav kapitali – 200 mln so’m. Asosiy faoliyat yo’nalishi – “quruqlik transporti sohasidagi xizmatlar”. Ta’sischilari – “GFK Logistic Asia” (80 foiz) va Shukurov Albert Abdusamatovich (20 foiz).

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan