G’arb sanksiyalari tufayli rublning qiymati tushyapti

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Yakshanba, Sen 24, 2023
Rus nefti va neft mahsulotlariga qo’yilgan embargo sababli rubl qadrsizlanyapti
Moskva birjasida 1 yevro 90,3 rubl, dollar 82,5 rubl ko’rsatkichidan oshib ketgani tahlilchilar e’tiborini jalb qildi.
Rublning dollar va yevroga nisbatan qadrsizlanishini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Bu haqda taniqli rossiyalik iqtisodchi Sergey Guriyev DW nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so’zlariga ko’ra, valyutaning qiymati tushib borayotgani g’arb tomonidan 2022-yil dekabr oyida Rossiya nefti eksportiga va joriy yilning fevral oyida Rossiya neft mahsulotlari eksportiga qarshi joriy qilingan yangi sanksiyalari natijasi.
Iqtisodchining fikricha, rublning avvalgi yuqori kursi sun’iy tarzda ushlab turilgan.
“Bugun, nihoyat, Rossiya eksportiga qarshi sanksiyalar, Yevropada neft embargosi, Rossiya nefti eksporti uchun narx chegarasi joriy etilganda rublning zaiflashib borayotgani mutlaqo normal holat”, — dedi Guriyev, lekin u rublning yana qadrsizlanishini bashorat qilishdan tiyildi. Iqtisodchi taxminicha, Rossiya Markaziy banki o’tgan yilgidek, inflatsiya o’sishining oldini olish uchun hamma narsani qiladi.
Lekin har qanday holatda ham rublning qadrsizlanishi g’aznaga neft-dollarlar kamroq tushayotganidan dalolat beradi, bu esa Rossiya budjeti jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishini anglatadi.
Guriyevning hisob-kitoblariga ko’ra, o’tgan yilning oxirgi uch choragida va 2023-yil birinchi choragida Rossiya budjeti yetti trillion rubl yo’qotgan, bu yalpi ichki mahsulotning 4,5 foiziga teng. “Bu juda katta defitsit, ayniqsa uni moliyalashtirish uchun hech narsa bo’lmagan vaziyatda”, – dedi Sergey Guriyev.
Rossiyadan kapitalning chiqib ketishi natijasida valutaga spekulyativ talab, G’arb sanksiyalari fonida eksport kamayishi bilan importning o’sishi, neft narxi ko’tarilishi tufayli Rossiya Moliya vazirligi chet el valutasi savdosini kamaytirgaligi ham rublning qiymatiga ta’sir qilyapti.