O’zbekistonda yetishtirilgan pomidorlarda xavfli virus aniqlangani rostmi?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Dushanba, Okt 2, 2023
O’zbekistondan import qilingan pomidorda xavfli virus aniqlangani haqidagi xabarga izoh berildi
Tarmoqlarda Qozog’istonga olib kelingan 43 tonna pomidorda xavfli virus aniqlangani haqidagi xabar tarqaldi.
O’zbekiston Qishloq xo’jaligi vazirligi matbuot xizmati Qozogʻistonning “24KZ” telekanalining bir nechta Telegram kanallaridagi reklamasi asosida O’zbekiston pomidorida xavfli virus aniqlangani haqidagi xabarga izoh berdi.
Turkiston viloyatida O’zbekiston va Erondan olib kelingan 43 tonna kasallangan pomidor aniqlangani ma’lum qilingan edi. Qayd etilishicha, pomidor eksportchiga qaytarilgan.
O’zbekiston O’simliklar karantini va muhofazasi agentligi tomonidan olib borilgan dastlabki tezkor surishtiruv va o’rganishlar natijalariga ko’ra, Qozog’iston O’zbekistondan olib kelingan pomidor mahsulotlarida tomat jigarrang rugoz mevasi virusi va boshqa karantin kasalliklari aniqlanganligi sababli mahsulotlarni qaytarib yubormagan hamda norozilik xati (xabarnoma) yubormagan.
Shuningdek, ikki mamlakat karantin xizmatlari tezkor ravishda muzokara olib borgan. Xususan, Qozog’iston Fitosanitariya xizmati Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari Ibragim Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo’lgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, O’zbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko’ra, pomidor eksporti bo‘yicha 2023-yil o’tgan davr mobaynida importchi davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog’istonga) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan. Importchi davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlangani yuzasidan e’tiroz holati qayd etilmagan.
“Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo‘jaligi maydonida O’zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o’tkaziladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shundan so’ng, laboratoriyaning xulosasiga ko’ra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PSR) testidan o’tkaziladi.