Raqobat qo’mitasi: O’zbekistonning 1 mln tonna shakar zaxirasi mavjud

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
Jahon bozorida yuqorilayotgan shakar narxi: O’zbekistonliklarning xavotirlanishiga asos bormi?
Jahon bozorlarida shakar narxi rekord darajaga ko’tarildi. Jumladan, London fond birjasida shakar narxi bir tonna uchun 700 dollardan oshdi. Bu esa 12 yil ichidagi maksimal ko’rsatkich deya baholanmoqda.
O’zbekistonda esa shakar narxi yillik nisbatda olinganda 31,1 foizga, 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 4,4 foizga, joriy yilning mart oyida esa 4,7 foizga qimmatlashgan.
Shu bilan birga, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi O’zbekiston aholisining yillik ehtiyojini barqaror ta’minlash uchun zarur darajada shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o’rin yo’qligini ma’lum qilyapti.
“Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilmoqda. Xususan, 15-aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan”, — deyiladi qo’mita xabarida.
Shundan omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib berilishi reja qilingan.
Shuningdek, 1-mayga qadar mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvatini o’tgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Bunda yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 so’mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 so’mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.
Qo’mitaning ta’kidlashicha, Respublika aholisining o’rtacha 650 ming tonnaga teng yillik ehtiyojini barqaror ta’minlash uchun zarur darajada – 1 mln tonna shakar mahsuloti mavjud va bu borada hech qanday xavotirga o’rin yo’q.