Yil prognozi: 2023-yil oxirigacha rubl kursi qanchalik “qulashi” mumkin?

Aprel oyida rubl yillik eng past darajasiga tushib ketdi. Shu bilan birga, Rossiya pul birligi o’zining manfiy ko’rsatkichlarini ham yangilashda davom etmoqda.

 Xo’sh, nima uchun rus valyutasi bu qadar zaiflashyapti? Kelgusida uni yana qanday xavf-xatarlar kutmoqda? Yil davomida rubl kursi yetakchi valyutalar – dollar, yevro hamda yuanga nisbatan qay darajada qadrsizlanishi mumkin? 

 RBK nashri “Открытие Research” moliyaviy tahlil markazi eksperti, “Investitsiyalarni jalb qilish” global tadqiqotlar kafedrasi mudiri Mixail Shulginning bu boradagi prognozlari bilan qiziqdi.

Rubl kursi 2022-yilning noyabr oyidan boshlab muntazam ravishda qadrsizlanib bormoqda. Rus valyutasi qiymatining pasayish sur’ati mart oyiga kelib yanada tezlashdi. Aprelda esa rubl dunyoning yetakchi valyutalari dollar, yevro va Xitoy yuaniga nisbatan yillik eng past darajasigacha tushdi.

Albatta buning bir qator omillari mavjud: Eksport hajmining qisqarishi, importning o’sishi, mamlakatdan xorijga kapital oqimining ko’payishi hamda joriy yil avvalidagi byudjet taqchilligining keskin oshishi shular jumlasidandir.

Rubl zaiflashuvining asosiy sabablari

Eksport hajmining qisqarishi

Eksport hajmining sanksiyalar va boshqa bosimlar tufayli qisqarishi rubl zaiflashuvning eng asosiy sabablaridan biridir.

Keling, 2023-yil uchun mamlakat byudjet parametrlarini ko’rib chiqamiz:

  • Rossiya tomonidan eksport qilinadigan Urals neftining bir barreli uchun o’rtacha narxi – $70,1;
  • O’rtacha dollar/rubl kursi – 68,3

Davlat parametrlariga ko’ra, Urals neftining o’rtacha narxi bir barreli uchun 4790 rublga sotilishi nazarda tutilganligi ma’lum bo’ldi.

Biroq, RF Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, 2023-yilning birinchi choragida rus neftining o’rtacha narxi bir barreli uchun 48,92 dollarni tashkil etgan. Bu paytga kelib dollar va rublni ayriboshlash ko’rsatkichi 73,56 ga yetdi va 2023-yilning birinchi uch oyi davomida neftning o’rtacha narxi  bir barreli uchun 3,6 ming rublga baholandi. Bu esa neft narxi bo’yicha yil davomida rejalashtirilgan o’rtacha narxdan 25 foizga kam narxda neft savdosi amalga oshirilganini bildiradi.

RF Iqtisodiy rivojlanish vazirligining aprel oyidagi taxminiy hisob-kitoblariga ko’ra, 2023-yilda Brent nefti narxi o’rtacha $80,7 bo’ladi, dollarning o’rtacha kursi esa 76,5 rublga to’g’ri keladi. Urals va Brent nefti chegirmalari yil davomida bir barreli uchun 30 dollardan oshmasligini inobatga olsak, rus markasining o’rtacha narxi joriy yilda barreliga 3879 rublga yetishi mumkin. Shunga qaramay, ushbu narx sentabr oyidagi o’rtacha ko’rsatkichlaridan 19 foizga arzonligicha qolmoqda.

Rossiya iqtisodining tayanchi hisoblangan Urals’ nefti narxining tushishi, hamda byudjet mablag’larining kamayishi hisobiga rublning zaiflashuvi bir tomonlama oqlanadi.

Putinning fevral oyidagi 72-sonli qarori ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi. Hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshiruvchi eksportchilar xorijiy valyutani bozorda sotmasdan to’g’ridan-to’g’ri rossiyalik mahsulot yetkazib beruvchilarining hisoblariga o’tkazish qonun bilan belgilab qo’yildi. Bu esa birjada valyuta taklifining qisqarishiga olib keldi.

Rossiya Markaziy bankining qayd etishicha, 2023-yilning birinchi choragida Rossiya Federatsiyasi to’lov balansidagi joriy hisob profitsiti 18,6 milliard dollarni tashkil etgan. Bu 2022-yilning birinchi choragiga qaraganda qariyb to’rt barobarga kamdir.

Savdo balansi joriy yilning birinchi choragida 29 mlrd dollarni tashkil qildi. Tahlil natijalariga ko’ra, o’tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 barobarga kamayish holati kuzatilgan.

2023-yilning birinchi choragida Rossiya eksporti o’tgan yilga qaraganda 35 foizga kamaygan.

Importning o’sishi

Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko’ra, 2023-yilning birinchi choragida savdo balansi tarkibidagi import hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 0,4 foizga o’sgan. Shunga qaramay, o’tgan chorakga taqqoslaganda import hajmi 13 foizga kamayib, 71,8 milliard dollarni tashkil qilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, mart oyida chetdan mahsulot olib kiruvchilar tomonidan xorijiy valyutani xarid qilish qiymati 549 milliard rublga yetdi. Bu esa fevral oyiga qaraganda 10 milliard rubl ko’proq qiymatdagi xorijiy valyutalar sotib olinganligini anglatadi.

Shu jumladan, nokredit moliya institutlari va norezidentlar tomonidan mart oyida qariyb 112 milliard rubl qiymatidagi chet el valyutasi sotib olingan. Fevral oyidagi xorijiy valyutalar savdosi 62 mlrd rublni tashkil qilgan edi.

Jismoniy shaxslar fevral oyida 72,6 mlrd rublga xorijiy valyuta sotib olgan bo’lsa, joriy yilning mart oyiga kelib 122 mlrd rublga chet el valyutasini xarid qilishgan. Shu boisdan ham biz importning oshishi hisobiga kapitalning mamlakatdan chiqib ketishi hamda eksportning kamayishi evaziga rubl sezilarli ravishda zaiflashdi, deb hisoblaymiz.

Rossiya kapitalining xorijga chiqib ketishi

2023-yilda vaziyat o’zgardi: Rossiyada kapitalning chetga chiqib ketishi ko’paydi. RF rezidentlari o’z moliyaviy aktivlarini xorijga ko’chira boshladi. Bu bir tomondan parallel importni yuzaga keltirish maqsadida amalga oshirilgan bo’lsa, ikkinchi tomondan rossiyaliklarning xorijda yashashi, turar joy va boshqa to’lovlariga sarflanmoqda.

Shu sababli ham 2023-yil 1-apreldan Rossiya banki pul mablag’larni chet eldagi hisoblarga o’tkazish bo’yicha cheklovlarni kuchaytirdi. Shunga qaramay rossiyaliklar va do’st mamlakatlar fuqarolari 1 mln dollardan oshmagan mablag’larini bir oy davomida xorijdagi istalgan hisob raqamlariga o’tkazishlari mumkin. Rossiyalik yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan nazorat qilinadigan xorijdagi kompaniyalar bu boradagi hech qanday cheklovlarga duch kelmaydi.

Boshqa sabablar

Rublga bosim o’tkazuvchi yana bir omil bu G’arb kompaniyalarining Rossiya bozoridan chiqib ketishi va ularning RF yurisdiksiyasidagi aktivlarini sotishidir. Masalan, mamlakatda chet el valyutasiga spekyulativ talabning oshishi bevosita Shell kompaniyasining Saxalin – 2 loyihasidan voz kechishi ham bo’lishi mumkin.

Kompaniyaning loyihadagi ulushi 27,5 foizligini hisobga olganda, Shell Rossiyadan taxminan 95 mlrd rubl qiymatidagi mablag’ini qaytarib oladi.

Shuningdek, Rossiyaga xorij valyutasini olib kiruvchi yirik kompaniyalarning mamlakatni tark etishi natijasida, ichki biznesda qayta qurish jarayoni boshlandi, ayrim ishlab chiqarish sohalariga asosiy kapitaldan investitsiyalar kiritildi. Davlat investitsiyalarining o’sishi, mudofaa sanoatidagi faollik hamda korporativ kreditlashga bo’lgan ehtiyojning ortishi fonida inflyatsiya jarayoni oldingi yillarga qaraganda tezlashdi. Ayniqsa, joriy yil boshida byudjet xarajatlarining ortishi hisobiga chetdan kiritiladigan investitsiyaga talab sezilarli ravishda oshdi.

Xalqaro shartnomalarda yuandan foydalanila boshlanganiga qaramay, amalda bir qator kontragentlar haqiqiy to’lovni dollar va yevroda amalga oshirilishini talab qilmoqda. Bundan tashqari, import shartnomalarining eng muhim qismi “do’st bo’lmagan davlatlar” bilan tuzilganligi, to’lovlar dollar va yevroda amalga oshirilishini unutmasligimiz joiz. Shu boisdan, Rossiya iqtisodiyoti avvalgidek mustahkamligini saqlab qolishi uchun vaqt o’tgani sayin “zaharli valyutalar”ga muhtojligi oshib bormoqda.

Eslatib o’tamiz, so’nggi paytlarda rossiyalik amaldorlar va ba’zi iqtisodchilar tomonidan dollar va yevroni “toksik valyuta” deb atash urf bo’ldi. “Zaharli valyutalar”dan tezroq qutilish, ularning o’rnini bosadigan pul birligiga o’tish g’oyasi paydo bo’ldi.

Shunga ko’ra, rossiyalik importyorlar ichki bozorda yetarlicha “toksik valyutalar”ga ega bo’lmasalar-da, mavjud tanqislikni ushbu valyutalarni yuanga sotib olish orqali bartaraf etishlari mumkin. Ammo ushbu tadbir valyuta operatsiyalari zanjirirni uzaytirishi bilan birga, to’lovlar xavfsizligini so’roq ostiga qo’yadi. Qo’shimchasiga, import narxining qimmatlashishi xavfini yuzaga keltiradi.

Prognozlar

Yil boshida biz rublning dollarga nisbatan kursi yilning ikkinchi yarmiga qadar 75-80 oraliq diapazonda o’zgarishini kutgan edik.  Keyingi ikki-uch oy ichida valyuta kursi 80 rubldan yuqoriligicha saqlanib qolishi ehtimoli katta. Dollar qiymatining qanchalik o’sishini aniq aytish mushkul. Dollarga nisbatan rubl kursining 90 dan oshishi ehtimoli paydo bo’lsa, rus valyutasining bu qadar zaiflashuvi rasmiylarni ham jiddiy tashvishlantirishi tabiiy.

Va nihoyat, haqiqiy “qizil chiziq” 1 dollarning 100 rublga chiqish jarayonidir. Biz dollarning bu darajaga erishishini bashorat qilmaymiz. Rublning AQSh dollariga nisbatan 80-85 oralig’idagi o’zgarishini esa istisno qilib bo’lmaydi.

Neft-gaz daromadlarining ortishi natijasida valyuta tushumlarining o’sishi rubl kursini qo’llab-quvvatlaydi. Yaqinda OPEK+ning bir qancha a’zolari neft qazib olishni may oyidan 2023-yil oxirigacha jami 1,66 mln barrelga qisqartirishini ma’lum qildi. Xususan, Rossiya ishlab chiqarishni qisqartirish hajmini kuniga 0,5 mln barrelga yetkazmoqchi.

Menimcha, kartel Brent neftining bir barrelini kamida 80 dollarga ko’tarishni maqsad qilgan. OPEK+ narxlarni qo’llab-quvvatlash evaziga kelgusi oylarda neft narxini 80-90 dollar/barel oralig’ida ushlab turishi kutilmoqda. Bu esa Rossiya rubli uchun ijobiy holat.

Yana bir asosiy ssenariyga ko’ra, joriy yilning ikkinchi yarmida Xitoy iqtisodiyotining qayta tiklanishi ushbu davlatda xom ashyoga bo’lgan talabning ortishiga olib keladi. Bu esa nafaqat rossiyalik neft-gaz eksportchilari uchun, balki umumiy iqtisodiyot uchun ham ijobiy holatdir.

Shuningdek, biz Urals’ning Brent’ga chegirmasi barreliga 25 dollargacha tushirilishini taxmin qilyapmiz. Bu rublni kuchli zaiflashuvdan himoya qiladi. Rossiya valyutasining mustahkamlanishi uchun Urals markasining o’rtacha narxi bir barrelga 70 dollardan oshishi kerak. Ammo hozirgi sharoitda yuqori narxdagi savdo ehtimoli haqiqatdan ancha yiroq holat. Shunga qaramay, agar vaziyat asosiy prognozga muvofiq rivojlansa, joriy yil oxirigacha dollar kursi 75-80 rubl oralig’ida saqlanib qolishi mumkin.

 

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *