O’zbekistonda 1-maydan qanday o’zgarishlar kuchga kiradi?

Oshayotgan ish haqi, yoshlarga qaytarilayotgan ijtimoiy soliq to’lovlari hamda “imtiyozli” jarimalar. 1-maydan O’zbekiston qonunchiligida nimalar o’zgaradi?

Imtiyozli transport kartalari “ishga tushadi”

1-maydan shahar yo’lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari respublikaning barcha shaharlarida beriladi. Prezident qaroriga muvofiq shahar yo’lovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish respublikaning barcha shaharlarida amalga oshiriladi.

Ish haqi oshadi

Prezident farmoniga ko’ra, 1-may kunidan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, O’zbekiston hududida mehnatga haq to’lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 ming so’m etib belgilanadi.

Ish beruvchilar tomonidan 25 yoshga to’lmagan ishchilarni ishga qabul qilishda ijtimoiy soliq to’lovlari qaytariladi

Imtiyozdan barcha ish beruvchilar: byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo’lgan yuridik shaxslar foydalanishi mumkin, 1 foiz stavka bo’yicha ijtimoiy soliq to’lovchilar bundan mustasno.

Bunda ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz ishlash sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplanadi.

Ayrim xizmatlar uchun vositachilik haqining chegaraviy miqdori BHMning 20 foizi (66 ming so’m) ni tashkil etadi

Mazkur tartib quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

– Barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo’yicha to’lovlar;

– Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko’rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko’rsatiladigan davlat xizmatlariga to’lovlar;

– Maktabgacha, umumiy o’rta, o’rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog’liqni saqlash muassasalariga to’lovlar;

– Barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to’lovlar;

– Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo’yicha undiriladigan to’lovlar;

– “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to’lovlar;

– Avia, temir yo’l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to’lovlar.

“Metan-zapravka”larga onlayn kamera o’rnatish majburiy bo’ladi

Jumladan:

– avtomobillarga gaz to’ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o’lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o’rnatish hamda ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy hisoblanadi;

– paxta xomashyosi, g’alla yoki sholini qabul qilish va hisobini yuritish bo’yicha axborot tizimlarining operatorlari o’z tizimlarini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishlari majburiy hisoblanadi;

– to’lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko’rsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun “0” so‘m bo‘lgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.

Ayrimlarga shifoxonada bepul ovqat beriladi

Prezidentning tegishli qarori bilan 2023 yil 1 maydan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda qator tartiblar o‘rnatilmoqda. Jumladan, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa aʼzosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi hamda bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.

Bank hisobvarag’ini masofadan turib ochishga ruxsat etiladi

Prezidentning 2022-yil 10-noyabr kuni qabul qilingan “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2023-yil 1-maydan quyidagilarga ruxsat berilmoqda:

– Tijorat banklariga ariza beruvchini masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lganda, taʼsischilari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga;

– Yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv taʼminoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni, ularning isteʼmoli to‘g‘risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to‘g‘risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishga.

Ayrimlarga xaridi uchun qo’shilgan qiymat solig’i qaytariladi

Prezidentning tegishli qaroriga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga ayrim turdagi tovarlar xaridi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib beriladi. Ya’ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar chakana savdo obyektlarida tuxum, o‘simlik yog‘i hamda mol, qo‘y, parranda go‘shtlari xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi respublika byudjetidan qaytariladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *