“Hyundai” Rossiyadagi zavodiga Markaziy Osiyodan xaridor topdi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Yakshanba, Okt 1, 2023
“Hyundai” Sankt-Peterburgdagi zavodini Qozog’iston kompaniyasiga sotib, Rossiyani tark etmoqchi
Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasi Rossiyadagi biznesini tugatish uchun turli variantlarni ko’rib chiqayotgan edi.
Nihoyat, avtomobil brendi Rossiyadagi zavodini Qozog’iston kompaniyasiga sotib, mamlakat bozorini tark etmoqchiligi haqidagi xabarlar paydo bo’ldi. Kompaniya muzokaralar o’tkazilayotganini tasdiqlagan, biroq bu haqdagi to’liq ma’lumotlarni oshkor qilmagan.
“Hyundai” kelishuv amalga oshgan taqdirda ham zavodni kelajakda qayta sotib olish huquqini saqlab qolishni istayapti.
Zavodni Qozog’istonning aynan qaysi kompaniyasi sotib olayotganiga aniqlik kiritilmagan. Lekin taxminlarga ko’ra, bu kompaniya “Astana Motors” bo’lishi mumkin.
Dastlab, zavodni Rossiyaning o’ziga sotish varianti ham ko’rib chiqilgan, ammo uchinchi davlat bilan bitim tuzish ishonchliroq deb baholangan. Janubiy Koreyaning MBC telekanali ma’lumot berishicha, Qozog’iston kompaniyasi Rossiya bozoriga kirib, zavod xodimlarini ish bilan ta’minlashga rozi bo’lgan. Kelishuv qiymati esa oshkor qilinmagan.
Ma’lumot uchun, “Hyundai” Rossiyadagi faoliyatini dunyoning bir qancha boshqa mashhur brendlari qatorida Ukrainaga bosqin boshlanganidan so’ng, 2022-yilning mart oyida to’xtatgandi. Zavod Sankt-Peterburg shahrida joylashgan bo’lib, unda 2600 nafar xodim ishlagan. Yopilguniga qadar zavodda yiliga 200 ming avtomobil ishlab chiqarilgan.
“Hyundai” o’zi egalik qiladigan “Kia” bilan birgalikda dunyoning eng yirik o‘nta avtomobil ishlab chiqaruvchisi qatoriga kiradi. Rossiyadagi zavod kompaniyaning global ishlab chiqarishi hajmining qariyb 4 foizini tashkil qiladi. “Hyundai”, “Kia” va “Renault” Rossiya bozorida eng ko’p avtomobil sotuvchi uchta brend hisoblanadi.