Yagona portalda ipoteka subsidiyasini berish xizmati ishga tushirildi

Bugundan yagona portalda ipoteka subsidiyasini berish xizmati ishga tushdi

Davlat xizmatlari portali 1-maydan boshlab Yagona portalda ipoteka kreditiga davlat subsidiyasini olishga ariza berish xizmati ishga tushirilgani haqida xabar berdi.

Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq joriy yil yangi tartibdagi ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi.

Endilikda subsidiya ajratish jarayoniga quyidagi o’zgarishlar kiritildi:

– Subsidiyaga talabgorlarni tanlab olish komissiyalari tarkibidan Yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshlig’i va aholi bandligiga ko’maklashish markazi direktorlari chiqarildi;

– Subsidiya olish uchun arizani aholi bandligiga ko’maklashish markazlari, Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligi bo’limlari va tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko’rib chiqish tartibi bekor qilindi;

– Bunda mazkur tashkilotlarning ma’lumotlari subsidiya.idm.uz dasturiy taʼminoti orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi.

Bundan tashqari, subsidiya ajratish maqsadida uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari doirasida quyidagilar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan ayrim shaxslar toifasiga kiritildi:

– Yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar;

– Olis va chekka hududlardagi budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va tibbiyot xodimlari.

2023-yil uchun ipoteka kreditlari bo’yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-maydan 2023-yil 1-dekabrgacha qabul qilinadi.

Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag’lar hisobidan ipoteka krediti ajratishda qarz oluvchilarga qarz yukining eng yuqori chegarasi hamda subsidiya olish uchun bir kalendar yilda ikki marta ariza berish boʻyicha belgilangan cheklovlar bekor qilindi.

Bunda ularning to’lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to’langan pullari ham hisobga olinadi.

Dastlabki badalni ko’proq to’lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Subsidiyaga ajratilgan mablag’larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi.

Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko’proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *