O’zbekistonning turizm mahsulotini xorijga targ’ib qilish uchun 50 mlrd so’m xarajat qilinadi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
Turoperatorlar uchun subsidiyalar, bojxona imtiyozlari, aviakompaniyalarni xususiylashtirish va boshqalar Prezidentning yangi qarorida
Mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko’ra, joriy yil uchun mahalliy aviaqatnov yo’nalishlarini subsidiyalashga qo’shimcha 30 mlrd so’m miqdorida mablag’ ajratiladi.
Turoperatorlarga subsidiya ajratiladi
1-maydan 2024-yilning 1-iyuliga qadar tajriba tarzida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQSning 20 foiz miqdoridagi mablag’lar davlat budjetidan subsidiya sifatida qaytariladi.
Bunda ular 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar ko’rsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar bo’yicha taqdim etilgan hujjatlar uchun subsidiya olishadi.
Shuningdek, joylashtirish, avtomobil yoki temir yo’l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo’yicha xizmatlar qamrab olingan.
Bojxona imtiyozi taqdim etiladi
2026-yil 1-maygacha mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yoki avtomobil transportida yo’lovchilarni tashish bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlarga bojxona imtiyozi beriladi.
Bunda o’z faoliyatida yo’lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga 10 va undan ortiq o’rindiqqa ega bo’lgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalarini O’zbekiston hududiga olib kirishda QQSni foizlar hisoblanmagan va ularning to’lanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga bo’lib-bo’lib to‘lash mumkin bo’ladi.
Turizm targ’ibotiga 50 mlrd so’m yo‘naltiriladi
O’zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ’ib qilishga joriy yilda 50 mlrd so’m ajratildi.
1-iyungacha milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinadi.
Har yili davlat budjetidan Turizmni qo’llab-quvvatlash jamg’armasiga O’zbekistonning turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targ’ib qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi”ga o’tkazib beriladi.
Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalarga bo’lgan cheklovlar olib tashlanadi
“Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlarga bo‘lgan cheklovlar olib tashlanadi.
Shu bilan birga, “beshinchi havo erkinligi”ni qo’llash, xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari, chet el aviatashuvchilari bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
Toshkentdan beshta yo’nalishga narxlar ikki baravarga arzonlashadi
1-maydan “Uzbekistan Airports” kompaniyasi bilan Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz — Nukus, Samarqand — Urganch, Buxoro — Urganch, Farg‘ona — Urganch kabi yo‘nalishlar bo’yicha muntazam aviareyslar yo’lga qo’yiladi.
Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlar yo’lga qo’yilib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflar joriy etiladi.
Yangi aviakompaniyalarga kvotalar ajratiladi
Yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, ularga xorijiy va xalqaro yo’nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalar ajratish bo’yicha o‘zgartirishlar kiritish hamda parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish choralari ko‘riladi.
Aeroportlarni xususiylashtirish ishlari boshlanadi
2023-yil 1-oktabrga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri bo’yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha alohida tanlovlar e’lon qililinadi.