“YaIM hajmini 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak”, – Prezident

“Ochiq budjet” tizimi qishloq va mahallardagi oddiy odamlar kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi

Mamlakatda kambag’allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo’yicha katta ish olib borilayotgani ta’kidlandi.

“Nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol bo’ldilar, nimaga ular islohotlarimizni qo’llab-quvvatlamoqdalar?

Chunki, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko’chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o’z ko‘zlari bilan ko‘ryaptilar”, – dedi prezident.

Birgina misol, o’tgan yildan boshlab “Ochiq budjet” tizimi joriy etilgani qishloq va mahallardagi oddiy-oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatganini hammamiz ko’rib, bilib turibmiz.

Lekin, odamlarimizning o‘sib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan ko’ra ikki karra ko’p ishlarni bajarishimiz kerak.

Mamlakatimizda kambag’allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo’yicha katta ish olib borilmoqda.

Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo’lga qo’yilib, salmoqli natijalarga erishildi.

“Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qo’llab-quvvatlamoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz ko’p.

Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko‘p narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarur.

Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani.

Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo’llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi”, dedi davlat rahbari.

Hukumatga 1-avgustga qadar davlat o’ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag’lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *