Endi tadbirkorlarning bankdagi pul mablag’larini noqonuniy olib qo’yganlar jarimaga tortiladi

Tadbirkorga zarar yetkazganlarga 6 mln 600 ming so’mdan, 13 mln 200 ming so’mgacha jarima solinadi

O’zbekistonda tadbirkorlarning bankdagi pul mablag’larini noqonuniy olib qo’yganlik uchun javobgarlik belgilandi. Ushbu norma kiritilgan qonun kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga kiritilgan qo’shimchaga ko’ra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag’larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o’tkazish yoki olib qo’yish yoxud ularni o’z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo’lmagan taqdirda bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 million 600 ming so’mdan, 13 million 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo’shimchaga ko’ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo’llanilishiga sabab bo’ladi:

– BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;

– 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

– 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

– 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

– 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Mazkur harakatlar ko’p miqdorda zarar keltirgan bo’lsa yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo’lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Shunindek, ushbu harakkatlar juda ko’p miqdorda zarar yetkazgan holda uyushgan guruh manfaatlarini ko’zlab sodir etilgan bo’lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yetkazilgan moddiy zararning o’rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo’llanilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o’tgach kuchga kiradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan