Urush, sanksiya va maxfiy xarajatlar Rossiya budjetini “yeb bitirmoqda”

Rossiyaning budjet taqchilligi yillik prognozlardan oshib ketdi

Aprel oyi yakunlari bo’yicha Rossiya budjeti taqchilligi 3,4 trln rublga yetdi. Bu – butun yil uchun prognoz qilingan defitsit ko’rsatkichidan 500 mlrd rublga ko’p degani. Taqchillikning keskin oshishiga neft va gazdan keladigan daromadlarning qisqargani ham jiddiy ta’sir ko’rsatgan.

Rossiya Moliya vazirligining dastlabki ma’lumot berishicha, joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida budjet defitsiti 3,4 trln rublga yetgan. Bu yillik prognoz qilingan defitsit ko’rsatkichlaridan (2,9 trln rubl) ham sezilarli darajada ko’p.

Hisobotda keltirilishicha, 2023-yilning dastlabki to’rt oyida federal budjet daromadlari 2022-yilning mos davriga nisbatan 22 foizga kamaygan va 7,7 trln rublni tashkil qilgan. Shu bilan birga, budjet xarajatlari 26 foizga oshib, 11,2 trln rublga yetgan.

Taqchillikning keskin oshishiga neft va gazdan keladigan daromadlarning o’tgan yilga nisbatan 52 foizga kamaygani va 2,28 trln rublga tushgani sabab bo’lgan. Moliya vazirligi bu holatni Urals nefti kotirovkalarining pasayishi va tabiiy gaz eksportining qisqarishi bilan bog’lagan.

Bloomberg Economics’ning Rossiya bo’yicha bosh iqtisodchisi Aleksandr Isakovning ta’kidlashicha, neft va gaz daromadlarining qisqarishi fonida yil yakunida defitsit 4 trln rublni tashkil etishi mumkin.

“Ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, yil oxirigacha Moliya vazirligi katta ehtimol bilan rejalashtirilgan 17 trln neft va gazga bog’liq bo’lmagan daromadlarini yig’adi, shu bilan birga neft va gazdan keladigan 1 trlnga yaqin daromaddan mosuvo bo’lishi mumkin. Bu yil oxirida defitsit 4 trln rubl bo’lishiga olib keladi. Boshqa tomondan, xarajatlar miqdori ham rasman aniq emas. Federal budjet to’g’risidagi qonunda xarajatlarning 29 trln dollardan oshmasligi belgilangan bo’lsa-da, hozirgi sharoitda bu miqdor chegarasi sezilarli darajada oshishi mumkin.

Rossiya jamiyati uchun asosiy xavf shundaki, federal budjet xarajatlarining oshishi iqtisodiyotni inflatsiyani tezlashtirish yoki yuqori foiz stavkalari tufayli iste’molni kamaytirishdan birini tanlash majburiyatini paydo qilishi mumkin”, – deydi ekspert.

Avvalroq, “Bloomberg” mart oyi yakunlari bo’yicha Rossiya rasmiylari budjet xarajatlarining uchdan bir qismi – 2,4 trillion rublni maxfiylashtirganiga e’tibor qaratgandi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur xarajatlarning oshishi Ukrainada olib borilayotgan urush bilan bog’liq, chunki harbiy xarajatlar miqdori oshib bormoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *