O’zbekiston ichki bozorida piyoz narxi eksport tufayli yuqoriligicha qolmoqda

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
O’zbekistonda sifatli piyozning ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 0,39 dollarga yetdi. O’tgan oydagi ikki haftalik barqarorlikdan so’ng, piyoz narxi sezilarli ko’tarilib, mahsulotning 1 kg narxi qariyb 4500 so’mdan sotilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bahorning so’ngi oyi uchun bu rekord darajadagi yuqori narx hisoblanadi.
Ekspertlar piyozning bir yil avvalgidan 44 foizga qimmatroq ekanligini ta’kidlashyapti. Yilning ayni davri uchun piyoz bahosi odatdagidan ikki baravar yuqorilagan.
Tahlillar eksport hajmining kattaligi sabzavot narxlarining oshishiga sababchi bo’layotganini ko’rsatmoqda. Masalan, may oyining birinchi o’n kunligida xorijga 48 ming tonna piyoz sotilgan. Bu esa kuniga 5 ming tonnaga yaqin piyoz chetga chiqarib yuborildi, degani.
Ba’zi davlatlarda, jumladan Gruziyada aksincha import hisobiga ichki bozorlarda piyoz narxining barqarorligiga erishilgan.
Avvalroq, “anomal sovuq”ning hosilga yetkazgan zarari tufayli O’zbekiston ichki bozorida ba’zi mahsulotlar tannarxi o’tgan yilga nisbatan balandroq bo’lishi prognoz qilingan edi.
Ob-havoning g’ayritabiiy sovuqligi natijasida dehqon bozorlari ochiq maydonlarida saqlanayotgan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan edi.
Holat tufayli dehqon bozorlarida 1 kg piyozning o’rtacha chakana narxi 6000−8000 ming so’m, ulgurji narxi esa 5500−6000 so’mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, anomal sovuqdan oldin piyozning kilogrammi 3500 so’mdan boshlanardi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 20-yanvardan 30-aprelgacha bo’lgan davrda aholining piyozga bo’lgan ehtiyoji 346 ming tonnani tashkil etgan.
Ayni paytda O’zbekistonda 319 ming tonna piyoz zaxirasi mavjud bo’lib, shundan 232 ming tonnasi fermer xo’jaliklarida saqlanadi.
Ma’lumot o’rnida, Markaziy Osiyodagi eng arzon piyoz hozircha Tojikistonda sotilmoqda. Qo’shni mamlakatda piyozning bir kilogrammini ulgurji narxda 0,21 dollarga sotib olish mumkin.