O’zbekistonda elektromobillar importiga talab oshyapti

2023-yilning yanvar-aprel oylarida xorijdan sotib olingan elektromobillar soni 2,5 mingdan oshdi

O’zbekiston 2023-yilning yanvar-aprel oylarida 81,3 mln dollarga 2 544 dona elektromobil import qilgan.

To’rt oy davomida Xitoy elektromobillarining bozori chaqqon bo’lgan. Xitoydan O’zbekistonga jami 2 278 ta elektromobil olib kirilgan.

O’zbekistonliklar elektromobil sotib olayotgan yetakchi davlatlar uchligidan Gonkong (202 ta) hamda Germaniya (32 ta) o’rin olgan.

Elektromobillar soni o’tgan yilning mos davriga nisbatan 1815 taga oshgan. Birgina aprel oyi davomida xorijdan import qilingan elektromobillar soni 876 tani tashkil etadi. Bu esa aholining elektromobillarga talabi ortib borayotganini anglatadi.

Xo’sh, o’zbekistonliklar nega xorijdan yanada ko’proq elektromobil sotib ola boshladi?

Albatta, soliq imtiyozlarini buning asosiy omili deb bilishimiz to’g’ri. O’zbekistonga olib kirilidigan elektromobillar bojxona boji, aksiz solig’i va avtotransport yig’imidan ozod qilingan. Bundan tashqari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog’i ham shakllanib bormoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, ayni paytda 61 ta elektromobillarni quvvatlash punktlari mavjud.

Joriy yilning o’zida 900 ta quvvatlash qurilmalari, kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini o’rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilgan.

Jumladan, “Makro” o’z supermarketlari atrofida quvvatlash tarmog’ini ishga tushirmoqchi. Bundan tashqari, “TokBor” kompaniyalarga stansiyalarni o’rnatish xizmatlarini taklif qilyapti. “Megavatt” elektromobillar sotuvchisi sifatida infratuzilma tashkil etish arafasida.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni quvvatlovchi qurilma ham yaratilgan.

“Olx” saytidagi ma’lumotlarga ko’ra, buyurtma orqali Xitoydan O’zbekistonga elektromobillarni olib kelish 14,5 ming dollardan boshlanadi. Bunda buyurtma amalga oshirilgach atigi 40-45 kun kutish talab qilinadi.

Yana bir jihati, elektromobillarni taxminan 20 ming so’mga to’liq zaryadlash orqali 350-400 km yurish mumkin.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *