Yuk mashinalari o’zbek-qozoq bojxona postidan o’tish uchun kunlab navbat kutishyaptimi?

O’zbekiston-Qozog’iston chegarasidagi o’tkazish punktlari yuk mashinalarining ko’pligi sababli kuchaytirilgan ish rejimiga o’tkazildi. Bu haqda Qozog’iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo’mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, Turkiston viloyati qozoq-o’zbek chegarasidagi bojxona postida yuzlab yuk mashinalaridan iborat tirbandlik yuzaga kelayotgani, yuk mashinalarining faqat kunduzi biroz harakatlanib, kechqurun to’xtashga majbur bo’layotgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylangan edi.

Jumladan, Qozog’istonning “Zakon” nashri yuk tashuvchilar O’zbekistonga yetib borish maqsadida kunlab navbatga turishga majburligini tanqid qilib chiqdi. Hattoki, ijtimoiy tarmoqlarda nazorat-o’tkazish punktidan bemalol o’tish uchun qo’shimcha pul to’lash kerakligiga ham ishora qildi.

Holbuki, Qozog’iston Bosh vaziri Alixon Ismoilov O’zbekiston va Qozog’iston o’zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazmoqchiligini ma’lum qilgandi.

Qozoq nashri yuk mashinasi haydovchisi Baxit Jiyenbayevning so’zlaridan ilova qiladi:

“Sutkalab navbat kutib turamiz. Eng ko’pi 200 metrcha harakatlana olyapmiz, xolos. Nazorat punkti yaqinidan biror oshxona yoki hojatxona topa olmaysiz”, – deydi yuk tashuvchi.

So’nggi xabarlarga ko’ra, O’zbekiston va Qozog’iston ikki yo’nalishda tovarlar va transport vositalarini qabul qilish sonini ko’paytirish va chegarada nazorat operatsiyalarini o’tkazishni tezlashtirish bo’yicha muzokaralar o’tkazgan.

Ma’lumot o’rnida, may oyida mavsumiy davr boshlanishi bilan O’zbekistondan Qozog’istonga meva-sabzavot eksporti, jumladan, Rossiyaga tranzit yo’l bilan olib o’tish hajmi oshishi eslatildi. Ayni paytda Turkiston viloyatidagi uchta bojxona postiga kuniga o’rtacha 900-1000 yuk avtomobili kelmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *