Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li qurilishi boshlanadi

Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li jahon bozoriga olib chiqadigan eng qisqa yo’lga aylanadi

Markaziy Osiyo-Xitoy sammiti doirasida Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani haqida yozgan edik.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, magistral temir yo’l qurilishi 2023-yildayoq boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Xitoyning “Yicai Global” nashri “O’zbekiston temir yo’llari” marketing va logistika bo’limi boshlig’i Umidulla Ibragimovga tayanib xabar berdi.

Uzunligi 523 km bo’lgan tarmoq liniyasi Qirg’izistonning Qorasuv tumani orqali Qashg’ar va Andijonni bog’laydi.

Ibrohimov ta’kidlaganidek, uning ishga tushirilishi O’zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro bozorlarga yangi, eng qisqa va eng qulay yo’lning paydo bo’lishini anglatadi.

Buning sharofati bilan butun mintaqa Yevropa va Osiyo o’rtasidagi muhim markazga aylanadi.

O’z navbatida, Xitoy loyihani amalga oshirish orqali Shinjon-Uyg’ur viloyatining g’arbiy provinsiyalarida infratuzilmani yaxshilaydi, shuningdek, Kaspiy uglevodorodlari yetkazib berish hajmini oshirishi mumkin, deya qayd etdi “Sinxua” agentligi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan