May oyida O’zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamaydi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Dushanba, Okt 2, 2023
O’zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayishda davom etmoqda. Markaziy bank 1-iyun holatiga xalqaro zaxiralarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, o’tgan davrda mamlakat zaxiralari 838 mln dollarga kamayib, 34,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Bu davrda zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyutadagi zaxiralari aprel oyiga nisbatan 158 mln dollarga oshib, 10,1 mlrd dollarga yetgan.
Aprel oyida mamlakat oltin-valyuta zaxiralari 230 mln dollarga kamaygandi. May oyidagi ko’rsatkich esa joriy yildagi eng yuqori kamayish qayd etilgan fevral oyidagi natijadan keyingi yuqori ko’rsatkichdir.
Fevralda mamlakat zaxiralari 1,9 mlrd dollarga kamaygandi. Biroq, mart oyi davomida ko’rsatkich 1,4 mlrd dollarga oshib, zaxiralar 35,4 mlrd dollarga yetgandi.
May oyi davomida oltinning fizik hajmi ham 12,2 mln troy unsiyadan 11,9 mln troy unsiyaga kamaydi. Qiymati ham bir oyda 980 mln dollarga kamayib, jami 23,2 mlrd dollarni tashkil etgan.
Dastlabki to’rt oyda O’zbekiston 3 mlrddan ortiq oltin eksport qildi. Aprel oyida xorijga qimmatbaho metal yetkazib berish hajmi 650 mln dollargacha kamaydi.
Aprel oyi oxirida mamlakatning oltin qazib olish hajmini 1,4 barobarga — 150 tonnagacha oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.