To’rt kunlik ish haftasi: Portugaliyada ham tadqiqotlar boshlandi

Portugaliyada hukumat ishtirokida to’rt kunlik ish haftasi bo’yicha tajriba boshlandi.

“4 Day Week Global” ma’lumotlariga ko’ra, loyihada 39 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Shundan 27 tasi joriy yilning 5-iyunidan to’rt kunlik ish haftasiga o’tgan bo’lib, qolgan 12 tasi avvalroq joriy qilgan.

Mazkur kompaniyalar qatorida chakana savdo markazlari, sanoat korxonalari, tadqiqotchilar va boshqalar ishtirok etmoqda.

Maqsad — to’rt kunlik ish haftasida xodimlarning jismoniy va ruhiy salomatligi, shu bilan birga kompaniya faoliyatiga ta’sirini baholash.

Loyiha olti oy davom etadi. Tajriba muddati davomida haftalik ish soatlari soni qisqartiriladi va xodimlarning ish haqi 100% saqlab qolinadi.

2018-yilda Yangi Zelandiyada o’tkazilgan olti oylik sinovlardan so’ng xodimlar o’zlarini baxtliroq his qilib, kamroq stressga tushganini hamda ish unumdorligi yanada yaxshilangani aniqlangan.

2019-yilda “Microsoft”da “to’rt kunlik” ish haftasi joriy qilingach, Yaponiyada joylashgan ofisda ish unumdorligi oshgani qayd etilgandi.

Islandiyadagi tadqiqot ham odamlar o’zlarini baxtliroq his qilganini ko’rsatdi.

Belgiya hukumati bo’lsa avvalroq, 2022-yil boshida 4 kunlik ish haftasiga o’tishini e’lon qilgan. Bosh vazir Aleksandr de Krosning so’zlariga ko‘ra, bu kompaniyalar va uning xodimlariga ish vaqtini tashkil qilishda ko’proq erkinlik beradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan