Xitoy yadroviy arsenallarga juda katta sarmoya kirityapti — SIPRI

O’tgan yili to’qqizta yadro quroliga ega mamlakatlar o’z arsenallarini modernizatsiya qilish va bir nechta yangi tizimlarni joylashtirishda davom etdi. Bu haqda Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) o’z manbalariga tayanib ma’lum qildi.

Institut tomonidan 2023-yil yanvar oyi holatiga ko’ra, dunyodagi yadro qurollarining umumiy global zaxirasi 12 512 ta jangovar kallaklarni tashkil etmoqda. Ulardan 9576 tasi potentsial foydalanish uchun harbiy omborlarda saqlanyapti. Bu o’tgan yilgi ko’rsatkichga qaraganda 86 taga ko’pdir.

Global miqyosda yadro qurollarining deyarli 90 foizi Rossiya va Amerika Qo’shma Shtatlariga tegishli. Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan so’ng bu haqdagi ma’lumotlarning yanada sir saqlanayotganiga qaramay, ikki davlatning arsenallari hajmi barqarorligicha qolgani aytilyapti.

Biroq Xitoyning yadro arsenali 350 tadan 410 tagacha o’sdi. SIPRI prognozlariga ko’ra, bu raqamlar yil oxirigacha ortishda davom etadi. Yaqin o’n yillikda mamlakat Rossiya va AQSh kabi ko’plab qit’alararo ballistik raketalarga ega bo’lishni mo’ljallamoqda.

“Xitoy yadro arsenalini sezilarli darajada kengaytirishga kirishdi. Xitoy o’z milliy xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo’lgan qudratga ega bo’lish maqsadida katta xarajatlar qilishga tayyor”, — deydi ommaviy qirg’in qurollari dasturi bo’yicha mutaxassis Xans Kristensen .

Institut insoniyat “tarixdagi eng xavfli davrga” qadam qo’yayotganligidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o’tamiz, AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil yadro quroliga ega davlatlar hisoblanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan