Misr kompaniyasi Navoiyda sanoat zonasini qurmoqchi

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Misrning “Orascom Construction” kompaniyasi vakillari Amr El-Batrik va Omar Bebarslar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Misr kompaniyasi tomonidan viloyatda sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Mazkur loyiha qiymati 50 mln dollar bo‘lib, sanoat zonasi 200 gektar yer maydonida tashkil etilishi belgilanmoqda.

Uchrashuvda xorijiy investorlarga sanoat zonasini tashkil etish uchun qulay bo‘lgan yer maydonlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyevning Misrga rasmiy tashrifi davomida mamlakat kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazilgandi.

Aynan “Orascom Construction” kompaniyasi O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirgandi.

May oyida Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma “yo‘l xaritasi” doirasida qiymati 1,2 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari ko‘rib chiqilgandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan