“Fintech, banks and Retail” forumi: Fintex, chakana savdo, to’lov tizimlari va bank sektoridagi so’ngi yangiliklar namoyishi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Yakshanba, Sen 24, 2023
2023-yil 21-iyun kuni Toshkentdagi “International Hotel” mehmonxonasida “Fintech, banks and Retail” (“Banklar va chakana savdo. Raqamli transformatsiya va o’zaro hamkorlik”) xalqaro PLUS-forumi boshlandi.
O’zbekistonda uchinchi bor o’tkazilayotgan Markaziy Osiyodagi eng muhim tadbirlardan birida ishtirok etish uchun ikki mingdan ortiq arizalar qabul qilingan.
So’ngi yillarda O’zbekistondagi fintex bozori, chakana savdo, to’lov tizimlari va bank sektorida o’zaro raqobat muhiti shakllanmoqda. Shu bilan birga ushbu sohalarda yangicha moliyaviy xizmatlar, texnologiyalar, innovatsion yechimlar ishlab chiqish kunning dolzarb masalasiga aylanib boryapti.
Ushbu tadbirning titul homiysi “Visa” — to’lov operatsiyalarini amalga oshirish bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi Amerika transmilliy kompaniyasi hisoblanadi.
PLUS-forumi doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining o’rinbosari Abdulla Abduqodirov so’zga chiqib, O’zbekistonda “Elektron tijorat to’g’risida”gi qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, ayni paytda bu borada kamchiliklar mavjudligini ta’kidladi.
Jumladan, “Fintech” bo’yicha qonunchilikni yanada takomillashtirish orqali raqamli banking, kriptovalyutalar bilan bog’liq faoliyatni kengaytirish, fintex startaplari tashabbuskorlarini qo’llab-quvvatlash, muvaffaqiyatli biznes korxonalarini kengaytirishga yo’l ochish mumkin.
Elektron pul va pul o’tkazmalari bozori ishtirokchilari uyushmasi raisi Viktor Dostov esa banklar o’zining raqamli afzalliklarini asta-sekin yo’qotib, bu borada moliyaviy segmentga qayta kirib kelayotgan bank bo’lmagan tuzilmalarga taslim bo’layotganidan xavotirda ekanligini bildirdi.
Ekspertning fikricha, yirik ishlab chiqaruvchilar mijozlariga to’g’ridan-to’g’ri yetkazib berish yo’liga o’tib, onlayn chakana savdoni to’xtata boshladilar. Vaqt o’tishi bilan ekotizim tuzilmalari, shuningdek, masalan, elektron rubl kabi vositalar tufayli banklarning bozordan majburan chiqib ketish xavfi tug’ilmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyodagi moliyaviy sektoridagi operatsiyalari rahbari Jahon Shamsiyev esa internetning jadal rivojlanishi iste’molchiga bozor tarixida kuzatilmagan juda keng tanlov imkonini berganligiga to’xtaldi.
Ayni paytda banklar o’zlarining bozordagi ulushlarini qaytarib olishga yechim qidirmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo bugungi kunda banklar va nobank tuzilmalari o’rtasidagi raqobat maydoniga aylanib ulgurdi.
PLUS-forumida “Visa” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Ozarbayjondagi mintaqaviy menejeri va vitse-prezidenti Kristina Dorosh so’zga chiqib, so’nggi yillardagi loyihalar qatorida “Visa” kartalaridan foydalangan holda elektron tijorat xizmatlarini yo’lga qo’yish, “Visa Platinum” kartasi asosidagi “Solfy” — bo’lib to’lash kartasi, “O’zbeksanoatqurilishbank” tomonidan foizsiz muddatga chiqarilgan kredit kartalarining taqdimotini sanab o’tdi.
O’tgan yildan boshlab “Visa Direct” telefon raqamlarini uzatish global xizmati ishga tushirilgan. Xizmat jismoniy shaxslar o’rtasidagi pul o’tkazmalarini tezroq va xavfsizroq amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, so’nggi 5 yil ichida “Visa” raqamli xavfsizlik uchun 9 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritgan.
“Security Central Asia” bosh direktori Georgiy Shebuldayev esa O’zbekistondagi kiberxavfsizlik va firibgarlik bilan bog’liq vaziyat haqida o’z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning so’zlariga ko’ra, “bugungi kunda firibgarlikni amalga oshirish kiberhujumga qaraganda osonroq va xavfsizroq”. Dalil sifatida Georgiy Shebuldayev so’nggi paytlarda dunyoning turli mamlakatlarida o’nlab va hatto yuzlab mln AQSh dollari miqdoridagi yo’qotishlarga olib kelgan kiberhujumlarga misollar keltirdi.
“Fintech, banks and retail” PLUS forumida “Mikrokreditbank” ATB va “Visa” o’rtasida shartnoma imzolandi.
“Mikrokreditbank” boshqaruvi raisi o’rinbosari Ikrom Jumaniyozovning so’zlariga ko’ra, ushbu shartnoma Visa mahsulotlari hisobiga mijozlar takliflari portfelini ko’paytirish imkonini beradi.
Shuningdek, Yevroosiyo banki boshqaruvi raisi Lazzat Satiyeva bank O’zbekistonda sho’ba korxonasini ochishini ma’lum qildi.
Ekspertning so’zlariga ko’ra, Yevroosiyo banki hozirda Qozog’istonning deyarli barcha hududlarida o’z vakolatlarini amalga oshirmoqda.
Forumda “NBA Technologies International” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan qayta ishlash funksiyasiga ega GRG va NCR bankomatlarining yangi avlodi hamda RDS Commander xavfsizlik va videokuzatuv tizimi ham ko’pchilikning e’tirofiga sazovor bo’ldi.
“Cinimex” kompaniyasining “PLUS-Forum Fintech, Banks and Retail” stendidagi ishi mashinalarni o’rganish, sun’iy intellekt va ochiq interfeyslar bo’yicha amaliy tadqiqotlarning ommabopligini namoyish etdi.