Tarixdagi “eng qimmat” jang: Mask va Sukerberg oktagonga chiqishi mumkin

Amerikalik milliarder Ilon Mask “Facebook” va “Instagram” egasi Mark Sukerberg bilan oktagonda jang qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Milliarderlar ancha yillardan buyon o’zaro janjallashib kelishadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Maskning jang qilish haqidagi taklifini Sukerberg bajonidil qabul qilib, “Instagram” sahifasi orqali “Jang qilish joyini yozib yubor”, deya javob qaytargan.

Mask Las-Vegasdagi UFC chempionati o’yinlari o’tkaziladigan “Vegas Octagon” arenasini taklif qildi.

O’z navbatida UFC prezidenti Dana Uayt ham ehtimoliy duel haqida gapirib, “bu tarixdagi eng qimmat jang bo’lishi”ni hamda jangni ko’rish istagi “narx bo’yicha rekordlarni yangilashi”ni ma’lum qildi.

Mask va Sukerberg 2016-yildan beri bir-birini ochiq tanqid qilib keladi. Shu yili Sukerberg Maskka tegishli “SpaceX” raketasining portlashi “Facebook” kompaniyasiga tegishli sun’iy yo’ldoshni yo’q qilganidan g’azablangan edi.

Oradan bir yil o’tib Sukerberg Maskning sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog’liq xavflar haqida ogohlantiruvchi bayonotlarini “mas’uliyatsizlik” deb atadi. Maskning ta’kidlashicha, Sukerberg muhokama qilinayotgan mavzuni “tor doirada” tushunadi xolos.

2017-yilda Mask “SpaceX” va “Tesla” kompaniyalari sahifalarini Facebook tarmog’idan o’chirib tashladi. 2020-yilda esa Sukerbergning qo’lida haddan tashqari ko’p kuch to’plangani haqidagi tezisga qo’shilib, barchani ushbu ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarni o’chirib yuborishga chaqirdi.

Mask, shuningdek, “The Wall Street Journal” tomonidan o’tkazilgan surishtiruvga ham e’tibor qaratdi. Maqolada aytilishicha, Instagram pedofillar uchun kontent tarqatmoqda, unda bu ish bilan shug’ullanuvchi akkauntlar bor. “Bu juda tashvishli”, deb izoh berdi Mask.

2021-yilda Mask “Facebook” tarmog’ini foydalanuvchilar ustidan josuslik qilishda aybladi.

Ma’lumot o’rnida, Sukerberg 39 yoshda, u “jiu-jitsu” jang san’ati bilan jiddiy shug’ullanadi, xususan, may oyidagi turnirda ikkita medalni qo’lga kiritdi.

Ilon Mask esa iyun oyi oxirida 52 yoshga to’ladi. O‘zining so’zlariga ko‘ra, uning sport mashg’ulotlari asosan bolalarini dast ko’tarib, osmonga otish bilan cheklanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan