O’zbekistonda birinchi kripto-depozitariyga litsenziya berildi

21-iyun kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “Lockton Hub” MChJga O’zbekiston hududida kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish uchun birinchi litsenziya berildi.

Kompaniya ta’sischisi “Lockton Solution LLC-FZ” (Dubay, BAA), texnik hamkori esa “Distributed Lab” kompaniyasi hisoblanadi.

“Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlikning rasmiy veb-sahifasida ushbu havola orqali foydalanish uchun ochiq hisoblanadi”, deyiladi agentlik xabarida.

“Lockton Hub” 2023-yil may oyida ro’yxatdan o’tgan bo’lib, kompaniya ustav fondi 10 mln so’mni tashkil qiladi.

Kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar ko’rsatish bo’yicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi. Kripto-depozitariy bu sohada xizmatlar ko’rsatuvchi provayderlarning bir turi hisoblanadi. Bunday korxona sifatida faqat O’zbekiston rezidenti hisoblangan yuridik shaxslar faoliyat olib borishi mumkin.

Litsenziyalash talablari va shartlari doirasida bunday tashkilotlar platforma va boshqa dasturiy ta’minotni O’zbekistondagi serverlarga joylashtirishi, kripto-aktivlar bilan bog’liq barcha operatsiyalar bo’yicha ma’lumotlarni, platforma ishtirokchilarining identifikatsiya ma’lumotlarini, xizmatlar provayderining platforma ishtirokchilari bilan munosabatlariga oid materiallarni (shu jumladan, platforma ishtirokchilari o‘rtasida), xususan, ish yozishmalarini besh yil davomida saqlashi shart hisoblanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan