YIning yangi sanksiyalar paketidan O’zbekiston kompaniyalari ham joy oldi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Dushanba, Okt 2, 2023
Yevropa Ittifoqi (YI) Ukrainaga bosqini munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi kiritilgan 11-sanksiya paketini tasdiqladi. Bu haqda Yevrokomissiya saytida xabar berildi.
Paket savdo, transport va energetika sohalarida sanksiyalar, shuningdek, 2022-yil fevralidan keyin kiritilgan cheklovlarni chetlab o’tishga qarshi chora-tadbirlar o’z ichiga oladi.
“Bugungi paket Rossiya va Putinning urush mashinasiga bosimimizni oshiradi. Sanksiyalarni chetlab o’tishga qarshi kurashib, Rossiyaga bosimni kuchaytiramiz va uni Ukrainaga qarshi noqonuniy urushni davom ettirishi uchun zarur bo’lgan resurslardan yanada mahrum qilamiz”, — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.
Yevropa Ittifoqining yangi taqiqlari
– Rossiya qurollari uchun yana 15 toifadagi komponentlarni eksport qilish;
– Rossiya bozoriga dvigatel hajmi 1,9 litrdan ortiq bo‘lgan yangi va ishlatilgan avtomobillarni, shuningdek, elektr va gibrid transport vositalarini eksport qilish;
– Ruxsat etilgan tovarlarni Yevropa Ittifoqidan tashqarida ishlab chiqara olmasligi uchun intellektual mulk huquqlarini yoki tijorat sirlarini uchinchi mamlakatlarga sotish, litsenziyalash yoki o‘tkazish;
– Rossiyadan tirkamalar va yarim tirkamalarning kiritilishi;
– Rossiya neftini “Drujba” quvurining shimoliy tarmog‘i orqali Germaniya va Polshaga tashish.
Sanksiyalarni chetlab o’tishga qarshi qanday choralar ko’riladi?
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o’tish muammosini hal qilish uchun paketga yangi mexanizmni kiritdi. Bu sanksiyaga uchragan tovarlar va texnologiyalar Rossiya bozoriga kiradigan uchinchi davlatlarga nisbatan cheklovlarni joriy etishga imkon beradi.
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o’tish bo’yicha uchinchi davlatlar bilan “ikki tomonlama va ko’p tomonlama” hamkorlikni kuchaytirishga va ularga “texnik yordam” ko‘rsatishga va’da bermoqda.
Agar hamkorlik “kutilgan natijalarni bermasa”, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o’tishga yordam beradigan uchinchi davlat kompaniyalariga qarshi individual sanksiyalarni qo’llaydi.
Qonunbuzarliklar davom etib, “jiddiy va tizimli” bo’lsa, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga eksporti taqiqlangan tovarlar va texnologiyalarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilishni cheklashi mumkin.
“Boshqa individual choralar va Yevropa Ittifoqining manfaatdor uchinchi davlatlar bilan hamkorligi chetlab o’tishning oldini olish uchun yetarli emasligi isbotlangan taqdirda, „aylanib o‘tishga qarshi“ ushbu yangi vosita istisno va oxirgi chora bo’ladi”, — deyiladi Yevropa Kengashi bayonotida.
Ushbu mexanizm doirasida Rossiya harbiy-sanoat kompleksini bevosita qo’llab-quvvatlovchi yana 87 ta korxona sanksiyalar ro’yxatiga qo’shildi. Ular ikki maqsadli tovarlar va ilg‘or texnologiyalar eksportiga nisbatan qattiqroq cheklovlar qo’yiladi.
Ular orasida Xitoy, O’zbekiston, BAA, Suriya va Armanistonda ro’yxatdan o’tgan kompaniyalar bor.
Sanksiyalar ostida qolgan O’zbekiston korxonalari Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia hisoblanadi. Avvalroq AQSh ularga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qilgandi. AQSh Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, ular Rossiya harbiy va mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun Amerika tovarlarini sotib olishda sanksiyalarni chetlab o’tishga harakat qilgan.
Shuningdek, 100 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llangan. Ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatilishi kerak. Ular orasida yuqori martabali harbiy amaldorlar, urush bo‘yicha qaror qabul qiluvchilar, ukrainalik bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ishtirok etgan shaxslar, Ukraina fuqarolariga qarshi qarorlar qabul qilgan sudyalar, Ukraina madaniy merosini talon-toroj qilishda ayblanganlar, tadbirkorlar, propagandachilar, shuningdek, Rossiya IT kompaniyalari mavjud.
Bundan tashqari, YI Rossiyaning RT Balkan, Oriental Review, “Sargrad”, New Eastern Outlook va Katehon telekanallari uchun translyatsiya litsenziyalarini to‘xtatdi.
“Ushbu OAV Rossiya rahbariyatining doimiy bevosita yoki bilvosita nazorati ostida bo‘lib, ular Yevropa Ittifoqi va qo‘shni mamlakatlardagi fuqarolik jamiyatiga qarshi qaratilgan, faktlarni qo‘pol ravishda buzib ko‘rsatuvchi va manipulyatsiya qiluvchi doimiy va kelishilgan targ‘ibot harakatlari uchun foydalaniladi”, — dedi Jozep Borrel.