Nega “UzAuto Motors” Asakadagi ishlab chiqarish liniyalarini to’xtatyapti?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Yakshanba, Sen 24, 2023
“UzAuto Motors” Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalari ishlashini vaqtincha to’xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “UzAuto Motors” Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo’lga qo’ymoqda.
Unga ko’ra, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash hamda konveyerlarning ishdan chiqishini oldini olish maqsadida korxonada texnik ishlar olib borilishi natijasida ishlab chiqarish liniyalarining ishlashi vaqtincha to’xtatiladi.
Modernizatsiya rejasiga asosan yangi uskunalardagi nosozliklarni bartaraf etish, ishlab chiqarish liniyalariga texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, zavod infrastrukturasini yangilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bajariladi.
Xususan, modernizatsiya rejasi doirasida Presslash sexida yangi “FANUC” (Yaponiya) robotlashtirilgan tiziminining dasturiy ta’minotini ishlab chiqish hamda ishga tushirish ishlari olib boriladi.
Bo’yash sexida amalga oshiriladigan modernizatsiya ishlari esa konveyer relslarini almashtirish, sexdagi robotlashtirilgan tizimlarga texnik xizmat ko’rsatish, shuningdek, bo’yash jarayonida ishlovchi barcha tizimlarni sinovdan o’tkazishni o’z ichiga oladi.
Yig’uv sexining ikkita liniyasida ham ishlab chiqarish tezligini oshirish imkonini beruvchi keng ko’lamli ishlar amalga oshiriladi ya’ni birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligi 35 JPHga (soatiga avtomobillar), ikkinchi liniyada bu ko’rsatkich 30 JPHga yetkazish imkoniyati yaratiladi.
Bu o’z navbatida, barcha avtomobil modellarining yillik ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Ikkinchi liniyaning modernizatsiya qilinishi “Chevrolet Cobalt” avtomobilining yillik ishlab chiqarish hajmini 30 ming donaga oshirish imkonini beradi.
Ish jarayonida elektron texnikalar jumladan, avtoyuklagichlar, elektrotraktorlar, konteyner maydonidagi xavozali kranlar va boshqa jihozlar to’liq shay holatga keltiriladi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, mazkur ishlar rejalashtirilgan va iste’molchilarga avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmaydi.