Toshkent metallurgiya zavodi bankrotlik xavfi ostida qoldi

Toshkent metallurgiya zavodi 2017-2022-yillarda taxminan 79,5 mln dollar zarar ko’rgan. Bu loyihaning umumiy qiymati 334,5 mln yevroni tashkil etib, shundan 179,6 mln yevrosi tashqi kreditlar edi. Kiprda ro’yxatdan o’tgan ta’sischi ofshor kompaniyalar loyihadan chiqib ketdi, bankrotlik xavfi ostidagi zavod va uning qarzlari davlat jamg’armasining zimmasida qoldi.

Joriy yilning 22-iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy sudida Toshkent metallurgiya zavodi ta’sischiligiga oid sud ishi ko’rib chiqilgan.

Zavodning 49,9 foizlik ulushga ega ta’sischisi – O’zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi sudga murojaat qilib, korxonaning qolgan ikki ta’sischisi – Kiprning Metalloinvest Holding (41,87 foiz) va Miramonte Investmens (8,23 foiz) ofshor kompaniyalariga qarshi da’vo arizasi kiritgan.

TMZ 2017-yil 26-yanvarda MChJ sifatida ro’yxatdan o’tkazilgan. Keyinchalik, jamiyat ustavining yangi tahriri tasdiqlanadi va u qo’shma korxona sifatida qaytadan tashkil etiladi.

Sudga da’vo kiritgan Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi kombinatda bugungi kunda moliyaviy qiyinchilik yuzaga kelgani, 2022-yil yakunlari bo‘yicha sof zarar 316,8 mlrd so’mni, 2017-2022-yillarda to’plangan zarar esa 916,92 mlrd so‘m (taxminan 79,5 mln dollar)ni tashkil etganini ko’rsatib, korxonaning moliyaviy holatini yaxshilash bo’yicha shoshilinch choralar ko’rish zarurligini ta’kidlaydi. Jumladan, qo’shma korxona ta’sischilari 2023-yilga mo’ljallangan biznes-rejani tasdiqlashi, ilgari jalb qilingan, muddati o’tib ketgan kreditlarni qaytarish muddatlarini uzaytirishi kerak bo’lgan.

Shuningdek, qarzlar va boshqa turdagi kreditlar berishga ixtisoslashgan, ustav kapitali 10 ming rubl (taxminan 111 dollar) bo‘lgan Rossiyaning “Xalqaro moliya texnologiyalari XXI” kompaniyasidan qo’shimcha mablag’ jalb etish kerakligi aytilgan. Bu korxonadan Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkasiga (7,5 foiz) teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan 24 oy muddatga 1,5 milliard rubl (16,7 million dollar) jalb qilish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, 2018-yil 24-oktyabrdagi sindikatlashtirilgan kredit shartnomasi shartlariga muvofiq zavod mulkini garovga qo’yish va boshqa masalalarni hal etish ko’zda tutilgan.

19-aprel kuni TMZ barcha ta’sischilarga, shu jumladan javobgar tomon – Metalloinvest Holding va Miramonte Investmens’ga qaror qabul qilish muhim bo’lgan masalalar ro’yxati bilan ishtirokchilarning navbatdagi umumiy yig’ilishini chaqirish to’g’risida bildirishnoma yuborgan. 2 va 5-may kunlari korporativ pochta orqali mazkur korxonalar rahbarlariga (javobgar tomonlarga) takroriy bildirishnomalar yuborilgan.

Kiprda ro’yxatdan o‘tkazilgan Metalloinvest Holding’ning 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi “Oskol elektrometallurgiya kombinati” AJ o’zining 5-maydagi maktubida javobgar tomon qo‘shma korxona faoliyatida, shu jumladan jamiyat a’zolarining umumiy yig’ilishlarida qatnashishdan bosh tortishini ma’lum qilgan.

Sud qarorida keltirilishicha, “Oskol elektrometallurgiya kombinati” o’zining jamiyat ta’sischilari ro’yxatidan chiqarib yuborilishiga qarshilik bildirmagan.

“Oskol elektrometallurgiya kombinati” AJ – Metalloinvest tuzilmasi bo’lib, USM holdingiga tegishli. Holding egalaridan biri – milliarder Alisher Usmonov.

Ikkinchi javobgar tomon Miramonte Investmens ham, AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Alisher Usmonovga aloqador. Bu kompaniya 2022 yil martidan beri TMZ faoliyatida, shu jumladan kompaniya ishtirokchilarining umumiy yig’ilishlarida qatnashmagan va jamiyat murojaatlarini javobsiz qoldirgan.

“Javobgar tomonlarning harakatsizligi jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun eng muhim qarorlarni qabul qilishni imkonsiz qilib qo’ymoqda, bu esa, o’z navbatida, kompaniyaning kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga imkon bermaydi va kompaniyani bankrotlik xavfi ostiga qoldiradi”, deyilgan Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi da’vosida.

12-iyun kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo’yicha sudlov hay’ati da’voni qanoatlantiradi va Kipr kompaniyalari zavod ta’sischilari ro’yxatidan chiqariladi. Shuningdek, javobgar tomondan 3,3 million so’m sud xarajatlari undirilishi belgilanadi.

Jamg’arma sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini beradi va sud xarajatlarini taqsimlash to’g’risidagi qarorni o’zgartirishni, xarajatlarni TMZdan undirishni so’raydi. Apellyatsiyaga sabab qilib javobgar tomon Kipr rezidentlari ekani, O’zbekistonning bu davlat bilan o’zaro huquqiy yordam bo’yicha ikki tomonlama kelishuviga ega emasligi, shu sababli sud xarajatlarini javobgarlardan undirish imkonsiz ekani ko’rsatiladi.

Biroq apellyatsiya instansiyasi sudi da’vogarning vajlari Iqtisodiy protsessual kodeksning 118-moddasi bo’yicha sud xarajatlarini qo’shma korxonaga yuklash uchun asos bo’la olmaydi, deb hisoblab, sudning 22-iyun kungi qarorini o’zgarishsiz qoldiradi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan