O’zbekiston elektron bozorida raqobat bormi?

Raqamli bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari ko’rib chiqildi

“Yangi O’zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida O’zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi tomonidan “Raqamli bozorlarda raqobat to’g’risidagi qonunni qo’llash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tmoqda.

Konferensiyada Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Vengriya, Qirg‘iziston, Hindiston, Belarus, Armaniston kabi davlatlardan yuqori nufuzli ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Xalqaro hamkorlik bo’yicha Germaniyaning “Sparkassenstiftung” jamg’armasi o’rtasida moliya sohasidagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo’yicha anglashuv Memorandumi imzolandi.

Xalqaro konferensiyani Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Shaxrux Sharaxmetov kirish so’zi bilan ochib berdi.

“Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarni biz barchamiz his qilib turibmiz, Raqobat qo’mitasiga yangi vakolatlar berilganli uning alohida maqomga ega bo’lgani barchamizga xalqimiz, davlatimizning ishonchi bilan birga yangi formatda,yangi tashabbuslar va barchamiz mas’uliyatni his qilib ishlashimiz lozimligini anglatadi”- dedi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi raisi.

Konferensiya doirasida elektron tijoratda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, onlayn platformalar orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash va ulardan foydalanilishiga yo’l qo’ymaslik, mijozlar talablariga muvofiq tizim yaratish, sun’iy intellektning bozordagi raqobatga ta’siri kabi dolzarb mavzularda xorijlik ekspertlarning fikri tinglandi.

Konferensiyada O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo’mitasi raisi o’rinbosari Durbek Axmedov qatnashib “Bugungi kunda mamlakatimizda bo’layotgan o’zgarishlar Raqobat qo’mitasining alohida maqomga ega bo’lganligi va yangi tahrirdagi “Raqobat to’g’risida”gi qonuning ahamiyati”ga to’xtalib o’tdi.

Shu jumladan, yangi tahrirdagi Qonun 9 ta bob va 49 ta moddadan iborat. Qonunni ishlab chiqishda mas’ul idoralardan ko‘plab ekspert va mutaxassislar ishtirok etgan. Qonunni ishlab chiqishda xalqaro moliya institutlari ekspertlarining jami 38 ta tavsiyasi inobatga olindi. Ushbu Qonun bilan amalda bo‘lgan “Raqobat to‘g‘risida”gi (2012-yil) va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi (1999-yil) qonunlar birlashtirildi.

Qonunga ko‘ra, davlat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqidan Vengriya Raqobat organi eksperti Ishtvan Xantoshi o’z ma’ruzasida: “… bugungi kunda deyarli barcha sohalarda raqobatni ta’minlash eng muhim kun tartibimizdagi masalaga aylangan, Vengriya Raqobat organi bu borada ko’plab yangi tajribalarni qo’llab kelmoqda. O’ylaymizki, O‘zbekiston Raqobat organi bilan ham ushbu sohada hamkorligimizni rivojlantiramiz”- deb ta’kidlab o’tdi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan