O’zbekiston sobiq tashqi ishlar vazirining o’g’li yana bir kompaniya egasiga aylandi — Forbes

O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li, Rossiyadagi bir nechta yirik kompaniyalarda ulushlarga ega Doniyor Komilov Ural kon-metallurgiya(UKMK) kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylandi. Milliarder Iskander Maxmudov va hamkorlari tomonidan asos solingan UKMK 2022-yilgi hisobotida O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Doniyor Komilovni o‘zining benefitsiar egasi sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2022-yil 14-martda UKMK rasmiy saytida kompaniya korporativ tuzilmasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot beriladi. Unda Iskandar Mahmudov va Andrey Bakarov (Mahmudovning asosiy biznes hamkori, “Transmashholding” asoschisi) UKMK, “Kuzbassrazrezugol”, “Vostochniy port”, “Rosterminalugol” AJlarning benefitsiarlari bo‘lishni to‘xtatgani, shuningdek, ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashlarini tark etgani xabar qilinadi. Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi.

2022-yilning iyulida Andrey Kozitsin ham UKMK bosh direktori lavozimidan ketadi. Qaror “kelajakdagi personal sanksiyalardan qochish” maqsadida qabul qilingani aytiladi. Bir necha kundan keyin uni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritadi.

2021-yilgacha Mahmudov, Kozitsin va Bokarev UKMKning 85 foiz ulushdori bo‘lgan, Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Selmareco Limited kompaniyasiga egalik qilgan. O‘z navbatida, UKMK “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasining 52,7 foiz ulushi egasi bo‘lgan (2022 yil yakunlariga ko‘ra, mazkur korxona 44 mln tonnadan ortiq ko‘mir qazib olgan va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiyada 2-o‘rinda qayd etilgan). Mahmudov, Kozitsin va Bokarev boshqa ofshor kompaniyalari orqali “Kuzbassrazrezugol”ning yana 35 foiz ulushiga ham ega bo‘lishadi.

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan yana bir holding Starlion Limited Rossiya Uzoq Sharqidagi “Vostochniy port” va Boltiqbo‘yidagi “Rosterminalugol” ko‘mir terminallarini nazorat qilgan. Mahmudov, Kozitsin va Bokarevning ushbu biznesdagi umumiy ulushi taxminan 77 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha, UKMK bilan bog‘liq asosiy aktivlarning umumiy daromadi 890 mlrd rubl (taxminan 9,6 mlrd dollar), umumiy sof foyda esa 190 mlrd rubl (taxminan 2 mlrd dollar) bo‘lgan. UKMK 2022 yil bo‘yicha bergan hisobotida Komilov Doniyar Abdulazizovichni kompaniyaning benefitsiar egasi sifatida keltirgan.

Doniyor Komilovning kompaniyasi Toshkent markazidagi sobiq MXX binosini 210 mlrd so‘mga xususiylashtirgan. Ayni kunlarda bu bino o‘rnida mehmonxona qurish maqsadida buzilmoqda.

Ma’lumot uchun, Doniyor Komilov – sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi. U 1972-yilda tug‘ilgan, Moskva xalqaro munosabatlar instituti va Moskva davlat universitetini tamomlagan.

Kichik Komilov Gazprombankning birinchi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan. Shuningdek, 2015-2016-yillarda “Uralmashzavod” direktorlar kengashiga a’zo bo‘lgan. U Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan: qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yurituvchi “Selena” MChJ, moliyaviy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi “Ks” MChJ, ko‘chmas mulk sohasida faoliyat olib boruvchi “Glomaks” MChJ, mashina va uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “VLK” MChJ va “Holding Invest” kabi bir nechta korxonalarning ham ta’sischisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Komilov O‘zbekistonda “Delta Global Dynamics”, “Progressgortech-Asia”, “First Premium Alliance” kabi kompaniyalarda ham 100 foiz ulushga ega. Joriy yilning yanvar oyi oxirida “First Premium Alliance” MChJ “Qo‘qon biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketini 277 mlrd so‘mga sotib olgani xabar qilingandi.

Iskandar Mahmudov 1963 yilda Buxoroda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan va Yaqin Sharq davlatlarida harbiy tarjimon bo‘lib ham ishlagan. 1996-yilda Orenburg viloyatidagi Tog‘-kon kombinatining bosh direktori etib tayinlangan. 1999 yilda Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasiga asos solgan. Forbes jurnali tomonidan tayyorlangan, Rossiyaning 2023-yildagi eng boy odamlari ro‘yxatida Mahmudov 7,3 mlrd dollar bilan 21-o‘rinni egallagan. Ukrainadagi bosqinchilik urushidan keyin G‘arb davlatlari uni Kremlga yaqin odam sifatida tavsiflab, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Doniyor Komilov nafaqat UKMKning benefitsiar egasi, balki Iskandar Mahmudov va Andrey Bokarevning boshqa bizneslaridagi kichik hamkori ham hisoblanadi. Xususan, Doniyor Komilov boshqaruvida bo‘lgan “Voliron” MChJ 2022 yildagi daromadi 431 milliard rubldan (4,6 mlrd dollar) oshgan “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasining 8,6 foiz ulushdoridir.

Bundan tashqari, Komilovning yana bir kompaniyasi “Ks” asosiy aksiyadorlari Iskandar Mahmudov va Andrey Bokarev bo‘lgan “Holding Transkomponent” hamda “MPK” MChJda ham 10 foizdan ulushga egalik qiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan