Rossiyada piyoz narxi rekord darajada qimmatladi. Bunga sabab nima?

Markaziy Osiyo mamlakatlarida anomal sovuq tufayli piyoz hosilining yo’qotilishi Rossiyada sabzavot narxining keskin oshishiga sabab bo’ldi, deya xabar bermoqda RBK.

Rossiyada piyozning o’rtacha narxi may oyida kilogrammiga 73,3 rublga yetdi. Bu so’nggi 20 yil ichidagi rekord ko’rsatkich hisoblanadi. Piyoz narxi o’tgan oyga nisbatan 9 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, Rossiya bozorlarida so’nggi o’n yillikning may oyida bir kilogramm piyoz narxi 30−40 rubl oralig’ida bo’lgan. 2022-yilda ham sanksiyalar fonida logistika uzilishlari tufayli Rossiyaga import qilinadigan tovarlarni yetkazib berishda muammolar paydo bo’lganiga qaramay piyoz narxi joriy yilga nisbatan 29 foiz arzon bo’lgan.

Piyoz narxining oshishiga bu yil Markaziy Osiyo mamlakatlari — O’zbekiston, Tojikiston va Qozog’istonda kuzatilgan hosil yo’qotishlar sababchi bo’lgan.

Rossiya milliy meva-sabzavot uyushmasi ijrochi direktori Andrey Kazakov hosilning kamayishini anomal sovuq bilan bog’ladi.

Qattiq sovuq tufayli isitilmaydigan omborlarda saqlangan sabzavotlar nobud bo’lgan. Bahorga kelib, mahalliy sabzavot omborlarida piyoz zaxiralari kamaygan va Markaziy Osiyo davlatlaridagi eksport cheklovlari sababli narxlar oshgan.

“Rusprodsoyuz” ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekiston Misr, Xitoy va Turkiya bilan bir qatorda Rossiyaga piyoz yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan