Kambag‘al kredit olmasinmi?

Bugun juda ko‘pchiligimizda kredit “tashvishi” bor. Kimdir avtokredit, ipoteka, boshqa birov mikroqarz, ta’lim, iste’mol kreditiga ehtiyoj sezgani uchun bank tomonidan belgilangan shartlar asosida undan foydalanyapti.
Asosiysi banklar o‘rtasidagi raqobat natijasida omonat va kredit turlari ko‘payishi, sifatli xizmat ko‘rsatishayapti. Tan olaylik, bundan ikki yil avval chekka hududlarda bankka murojaat qilish va xizmatlardan foydalanish fuqarolarga birmuncha qiyinchilik tug‘dirar edi. Bugunga kelib esa raqamli moliyaviy xizmatlar banklar bo‘limlarini ochish olis va aholisi kam hududlardagi jismoniy va yuridik shaxslarni samarali qamrab olishga erishildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2022 yilda O‘zbekiston bank tizimida 33 ta, jumladan, 12 ta davlat ulushiga ega, 15 ta xususiy va 5 ta xorijiy bank mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 34 ta banklar ro‘yxati e’lon qilinib, respublikaning 120 ta nuqtasida 573 ta bank bo‘limi mavjudligi qayd etilgan.

Banklarning ko‘p bo‘lgani, ayniqsa qishloq va ovul aholisi bankka ishi tushsa kilomertlab yo‘l bosmagani bugun olib borilayotgan samarali islohotlar natijasi, albatta. Ammo bugun ko‘pchilikni qiynayotgan bir savol bor – nega kredit foizlari bizda bu qadar yuqori?
The Global Economy.com saytining 2022 yil tahlillariga ko‘ra, kredit foiz stavkalarining yuqoriligi bo‘yicha reytingda 109 davlat o‘rtasidan Madagaskar oroli 48,87 foiz stavkasi bilan birinchilikni egallab turgan bo‘lsa, O‘zbekiston 22,34 foiz stavka bilan 8 o‘rinni band etgan. Vengriya – 1,96, Italiya – 2,33, Shveysariya – 2,63 foiz bilan mazkur ro‘yxat oxirida turibdi.

Shu o‘rinda, quyidagi misollarga ham e’tibor qaratsak: Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib qaraydigan bo‘lsak, birgina, «Davr bank» 2022 yilda birlamchi va ikkilamchi bozordan avtokreditga mashina xarid qilmoqchi bo‘lgan mijozlariga yillik foiz stavkasini 26–29,99 deb belgilagan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatgich yillik 24 foizni tashkil etgan. Ko‘rishimiz mumkinki, kredit foiz stavkasida pasayish kuzatilgan. Biroq ana shu past foizda ham biror rusumdagi avtoulov olish uchun yillab mablag‘ yig‘ayotganlar, yetdim deganda yo kredit depoziti tugab qoladi yoki mashina narxi oshadi…
Ha yana bir gap. Joriy yilda bir nechta banklar elektromobillar uchun ham avtokredit ajratilishini yo‘lga qo‘ydi. Xususan:
“Qishloq qurilish bank”
• foiz stavkasi — yillik 24 foiz;
• boshlang‘ich to‘lov — 30 foiz;
• kredit muddati — 4 yil.
«Trastbank»
• boshlang‘ich to‘lov 25 foiz — yillik 24 foiz;
• boshlang‘ich to‘lov 40 foiz — yillik 23 foiz;
• boshlang‘ich to‘lov 50 foiz — yillik 22 foiz;
• kredit muddati — 4 yil.
«Davr bank»
• foiz stavkasi — yillik 27,99 foiz;
• boshlang‘ich to‘lov — 20 foiz;
• kredit muddati — 5 yil.
“Saderat bank”
• boshlang‘ich to‘lov 0 foiz — yillik 28 foiz;
• boshlang‘ich to‘lov 30 foiz — yillik 27 foiz;
• kredit muddati — 4 yil. Ko‘rib turganingizdek, tabiiyki, daromadi o‘rtacha yoki kam bo‘lgan aholi qatlami ushbu kredit turlaridan foydalana olmaydi. Aniqrog‘i, jur’ati yetmaydi. Chunki, ayni paytda mamlakatimizda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 330 000 so‘m etib belgilangan. Endi tasavvur qiling, o‘rtacha 4-5 mln. oylik oladigan bir kishi kreditga avtoulov olishi uchun unga ro‘zg‘or va boshqa ehtiyojlari uchun ta’minotchi zarur bo‘ladi. Masalan, bir tanishim “Davr bank” orqali Nexia-3 rusumli avtomashinani boshlang‘ich 30 foizini to‘lab, qolganini 3 yil muddatga to‘lash sharti bilan oldi.

Har oy 4 mln. 200 ming so‘m to‘laydi. O‘zi esa 4 mln.500 ming so‘m oylik oladi. U oila tebratish uchun ishdan keyin kira, hattoki, dam olish kunlari mardikorchilik qiladi. Tabiiyki, bu uning sog‘lig‘i va ishchanlik qobiliyatiga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymaydi. Uni ko‘rib xulosa qilish mumkinki, haftasiga 6 kun ertalab 9:00dan kechki 18:00gacha ishda bo‘lgan, buning ustiga 4,5 mln. oylik oladigan kishi uchun avtomashina olish ehtiyoj emas, orzuligicha qolaveradi…

Muxtasar aytganda, xalqiga farovon hayot yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni maqsad qilgan Yangi O‘zbekiston fuqarolari uchun bu kabi foiz stavkalarida kredit olish biroz mushkul nazarimda. Bu borada mutaxassislar qay fikrda? Biror izoh yoki tushuntirishlar bo‘lsa kutib qolamiz. Darvoqe, ikkilamchi bozordan avtokredit olmoqchi bo‘lsangiz avtosalonlardan shartnoma topish anqoning urug‘i. Lekin ko‘cha tilida aytganda “firmachi” bolalar o‘zlarining xizmatlarini taklif etadi va falon million so‘m evaziga hamma ishingizni bitirib beradi. Siz kerakli shartnomlarga qo‘l qo‘ysangiz bo‘ldi. Ishim tez bityapti deb xursand bo‘lasizu, qo‘lingizga to‘lov grafigini olganingizda kamida 10 mln.ga “chuv” tushganingizni anglaysiz. Lekin endi kech. Chunki…
Bu endi boshqa mavzu…
Mahbuba Karimova
Jurnalist

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan